Bir kuni men... – Telegram
Bir kuni men...
495 subscribers
24 photos
3 videos
2 files
36 links
Hayot, qarashlar, tamoyillar, qoidalar, odamlar, safsatalar, stereotiplar, xullas siz psixologiya deydigan olam haqida bir kuni men o‘ylagan fikrlar...
Download Telegram
Ertalabdan sizga o‘zim bilgan bir narsa bilan bo‘lishmoqchiman. Ko‘pchilik biladi, youtube da nimadir ko‘rmoqchi yoki eshitmoqchi bo‘lsangiz albatta telefon ekrani yoniq turishi kerak, fonda ishlamaydi (premiumda ishlaydi).

JanaTube aynan youtube ning o‘zi bo‘lib, uni bemalol telefon ekranini o‘chirib eshitish mumkin. Bu ayniqsa men kabi ish qilayotganda suhbat, intervyu va qo‘shiq eshitadiganlar uchun qulay.

Yana bir zo‘r jihati videoni 3× da tezlashtirib eshitish imkoniyati borligi, baʼzida youtubening 2× ligi kamlik qilar edi.

@birkunimen
Otam aytar edilar "ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir". Har gal biror ishni boshlashimizdan avval shunday derdilar.

Bugun men ham kun bo‘yi uyda ishladim. Erta tongda ishlar ko‘pligini ko‘rib, qilmaslik uchun bahona izlay boshladim. Lekin shuurimda otamning ovozlari bilan "Qo‘rqma, ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir. G‘ayrat qilsang kechgacha hammasini yakunlaysan" dedim. Hozir esa so‘nggi yumushni tugatib, vanihoyat hammasini tugatdim-a, deb o‘tiribman.

Ha, ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir!

@birkunimen
Baʼzida kimningdir qo‘shig‘ini mohirona ijro etgan qo‘shiqchiga "originalidan ham zo‘r ijro etibdi" yoki "falonchi (qo‘shiq egasi)dan ham zo‘r aytibdi" degan fikr bildirishadi.

Lekin hech kim, hech qachon birinchi odam o‘rnini bosa olmaydi. Ming marotaba birinchi natijalarini takrorlang, undan ham oshirib takrorlang, baribir birinchi bo‘la olmaysiz.

Oddiy misol. Buzz Aldrinni taniysizmi? Yuqori ehtimol bilan - yo‘q. Yoki Charles Conrad va Alan Beannichi? Ularni ham tanimaysiz. Bular 1969-yilda Neal Armstrong bilan birga Oyga qadam qo‘ygan astronavtlar edi. Ulardan keyin to 1972-yilgacha yana 8 nafar astronavt oyga qadam qo‘ygan. Lekin ularni deyarli bilmaymiz. Chunki biz birinchilarni eslab qolamiz.

Sevimli faylasufim Baltasar Grasianning bir gapi bor edi: "Birinchi qatorda ikkinchida turgandan ko‘ra, ikkinchi qatorda birinchida turgan afzalroq."

@birkunimen
Hozir bir videoga ko‘zim tushdi. Do‘kondan chiqqan qiz telefoniga chalg‘ib, borib boshqa mashinaga o‘tirdi. Biroz turgach mashinadan sakrab tushib, o‘z qilmishidan maza qilib kuldi. Bunday qiziq voqealar hammamizda ham bo‘lgan, shunday emasmi?

Menda shunga o‘xshash ikkita holat bo‘lgan.

2005-yil. Maktabdan sinfdoshim bilan qaytyapmiz. Qalin qor yoqqan. Men qorda sirpanib ketyapman. Bir mahal to‘xtab etigim ipini qaytadan bog‘lab, sinfdoshim ortidan yugurdim va unga yetay deganda qorda sirpanib, uning dublyonkasi etagini ushlab qorda o‘tirib olib sirpanishda davom etdim. Ikki metr ham sirpanmasimda sinfdoshim etagini torta boshladi, men esa yaxshilab ushlab oldim. Etagini tortyapti, lekin yurishda davom etyapti. Besh-olti metr tortgach orqadan "Baxtiii" degan ovoz keldi. Qaradim. Sinfdoshim. Sekin boshimni ko‘tarib qarasam boshqa odamning etagini ushlab sirpanib ketyapman. O‘sha holatda xijolatdan nima deyishni bilmay qolganman. U odam ham adashganimni bilganmi, indamagan. Sinfdoshim bilan rosa kulishgandik.

2007-yil. Birinchi kursda o‘qiyman. Qishda qalin qor yog‘di. Bir kuni darsdan chiqib yotoqxonaga ketishda qarasam fakultet oldida mendan 10-15 metrcha oldinroqda guruhdoshim bir qiz ketmoqda. Shumligim tutdi-da, darrov qorni oldimu, yumaloqlab ortidan chopdim. Yetgach orqasidan turib yuziga qorni ishqaladim. Guruhdoshim qo‘rqib, tipirchilab yuzidagi qorni olib tashlay boshladi. Qorni ishqalab bo‘lgach qizni shundoq o‘zimga qaratganimni bilaman umuman boshqa qiz turibdiku. Nima qilishni bilmay qolgandim. Uzr, sizni o‘xshatibman deganman. U qiz nima degani hozir esimda yo‘q, lekin xursand bo‘lmagani aniq))

@birkunimen
Youtubedagi rolikdan lavha:

Mashinada ketayotgan yigit g'amg'in, ayriliq haqidagi qo'shiqni berilib tinglayapti, unga qo'shilib kuylamoqda. Uning yonida ketayotgan qiz esa "Erimning 4 yillik sevgan qizi va 3 yillik xotiniman. Lekin u kimni o'ylab bunchalik siqilib qo'shiq aytayotganini bilmayman".

Menimcha bu erkak va ayol fikrlashidagi farqdan kelib chiqadigan holat bo'lsa kerak. Men ham o'zim sevgan qizga uylanganman va hozir ham farzandlarim onasini behad sevaman. Lekin sevgisiga yetisha olmagan, ayriliq, xiyonat kabi mavzularda aytilgan qo'shiqlarni (ayniqsa so'zi ta'sirli bo'lsa) maza qilib tinglayman. Fikrimcha erkaklar ayollardan farqli ravishda bunaqa qo'shiq eshitganda miyasida o'sha holatni proyeksiya qilib qo'shiqdagi yigit hissiyotlarini his qila oladi. Shaxsan menda shunga o'xshash holat bo'ladi. Masalan, Shuhrat Qayumovning "Yoshligim" qo'shig'ini shunchaki eshita olmayman. Har gal shu qo'shiqni eshitganimda qo'shiqdagi chol o'rnida o'zimni his qilib qalbimda og'riqni his qilaman, qo'shiqning so'zlari kuchli ta'sir qiladi. Emre Altuğning "Aşkı kıyamet" qo'shig'ida ham shunga o'xshash holatni tuyganman.

Qisqasi, qo'shiqdan ta'sirlanish bu o'sha yigit tarixida shunga o'xshash holat bo'lganidan emas, uning qalbi tirikligidan deb xulosa qilish mumkin. Qalbi ta'sirlanmaydigan odamdan esa qo'rqish kerak.

@birkunimen
Hayotdagi eng asosiy kumirim bu — otam. Otam tug‘ma diplomat, konfliktolog. Har qanday konfliktni juda chiroyli va ijobiy tomonga hal qila olish qobiliyati bor. Odatda otamga taqlid qilmayman. Lekin baʼzida gapirishim, qo‘l yoki tana harakatlarim tufayli otamga o‘xshatishganini aytishganida ich-ichimdan xursand bo‘lib ketaman. Qani endi otamga ko‘proq o‘xshasam.

@birkunimen
Kichik bo‘lsa-da eʼtibor odamning ruhini tog‘day ko‘tarib yuborar ekan.

O‘tgan hafta maʼlum sabablarga ko‘ra ishga yuzimga tibbiy niqob taqqan holda borgandim. Bugun ishda xonamdan chiqayotsam koridorda katta kursda o‘qiydigan sobiq talabam (unga avvalgi yillarda dars o‘tganman, hozir darsga kirmayman) turgan ekan.
— Keling, meni kutyapsizmi?
— Ha ustoz.
— Nima gap?
— O‘tgan hafta niqobda yurganizni ko‘rgandim. Shamollagan bo‘lsangiz kerak deb sizga limon olib kelgandim, — deb sumkasidan ushbu ikki limonni olib uzatdi.

Odatda talabalardan umuman sovg‘a yoki hadya qabul qilmayman, ayniqsa dars o‘tayotgan talabalarimdan. Lekin bu ikki limon ko‘nglimni tog‘dek ko‘tarib yubordi. Rahmat aytib olib qoldim.

Hozir darsga kirmayotgan bo‘lsamda eʼtibor bergani va qayg‘urgani ruhimga ruh qo‘shdi.

P.S. Eng qiziq joyi limon olib kelgan talabani fanni yaxshi o‘zlashtirmagani uchun qaytaga qoldirib, yozda qayta o‘qitganman va qaytada ham yiqitganman. Bechora qaytaning qaytasidan yiqilib, undan keyin zo‘rg‘a baho ovolgandi. 😄

@birkunimen
Ayni vaqtda Farg‘onada havoning ifloslanganlik holati kritik ko‘rsatkichda.

PM2.5 ko‘rsatkichi ruxsat etilganidan 100 baravar yuqori. Bu degani havodagi o‘lchami 2.5 mikrondan kichik zarralar miqdori o‘ta xavfli darajada. Ularni oddiy niqob to‘sa olmaydi. O‘pkadan o‘tib to‘g‘ri qonga tushadi.

Xo‘sh, hozir nima qilsak bo‘ladi?
Ko‘chaga chiqqanda N95 niqob (oddiy tibbiy niqoblar foydasiz) taqish kerak. Imkoni bo‘lsa uydan chiqmaslik, uyning eshik-derazalarini mahkam yopish lozim.

Uydagi havoni tozalash uchun havo tozalagich sotib olishning harakatini qilaverish lozim. O‘zim ham sotib olish uchun variantlarni ko‘rib chiqishni boshladim. Bizni sog‘ligimiz bizdan boshqa hech kimga kerak emas, ayniqsa hukumatga.

Mana endi tushuna boshlayapman "iqlimiy migratsiya" nega o‘sib borayotganini.

@birkunimen
Rahmat senga, Mironov. Ayni ko‘nglimdagi gapni aytibsan. Imkon qadar tezkor Markaziy Osiyo davlatlariga qiyinlashtirilgan viza rejimini joriy qilinglar, zora shu bahona bo‘lib, sizlarning orbitangizdan chiqib ketsak.

@birkunimen
Ayollar biroz ikki standartli bo‘lishini chiroyli, kelishgan yigit ularga "chiroyli qiz, qalaysiz?" deyishini kompliment, bundayroq yigit aytganini esa shilqimlik deb baholashlaridan bilsa bo‘ladi.

Xulosa shuki, erkak kishi maymundan sal farq qilsa bo‘ldi demasdan tashqi ko‘rinish ustida ishlash kerak. Shunda shilqimlikda ayblanish ehtimolingiz nolga qarab qulaydi 😄.

@birkunimen
Tog‘ay Murodning bir asarida ocharchilikdan qiynalgan odamlarni qutqarish va ocharchilikni bartaraf qilish uchun Moskovdan maxsus komissiya keladi. Ular ochlikdan shishib ketgan odamlarni bir joyga to‘plashni buyuradi. Ularga non berilsa kerak deb o‘ylab turishganda, "Bu och-nahorlar, shishib ketganlar sotsializm ko‘rkini buzmoqda. Ular sovet tuzumiga dog‘ tushiryapti" deb chuqur qazdirib ochlarni ko‘mdirib yuborishadi. Shu bilan ocharchilikni bartaraf qilishgandek bo‘ladi, go‘yo.

Bir necha kundan beri Farg‘ona shahridagi havo sifati ekstrimal darajada yomon holatda turibdi, ayniqsa kechqurun. Shahar ichi xuddi quyuq tuman qoplab olgandek. Kuni kecha bu haqida kun.uz yozib chiqdi. Bugun Prezident administratsiyasi rahbari havo sifatini barqarorlashtirish borasida yig‘ilish o‘tkazdi va mutasaddilarga ILMIY asoslangan chora-tadbirlar ko‘rishni topshirdi.

Ifloslik darajasi 1000 dan oshayotgan Farg‘ona havosi negadir bugun tushdan so‘ng 289 da (hamon iflos, nafas olish uchun xavfli) qotib qoldi. Nahotki amaliy ishlar ko‘rila boshlandi desam, shahardagi ikkita (biri Kirgilida, ikkinchisi shaharda Terakmozor ko‘chasida) havo sifatini tekshiradigan uskunalar o‘chirib qo‘yilibdi.

To‘g‘risi nima deyishni bilmay qoldim. Uskunalar o‘chirildi, havo sifati haqida aniq maʼlumot ko‘rsatilmayapti, lekin...

IQAir ilovasidan havo sifatini kuzatar ekanman Tog‘ay Murodning yozganlari yodimga tushdi.

@birkunimen
Erkak va ayol teng, qachonki...

Jamiyatda huquq va erkinlar borasida ayol va erkak teng, shunday bo‘lishi ham kerak. 6 soat ish uchun erkakka qancha to‘lanayotgan bo‘lsa, ayol ham ayni maoshga munosib. Faqat ayol bo‘lgani uchun unga nimanidir taqiqlash yoki yozilmagan to‘siqlarni yaratish to‘g‘ri emas. Lekin!

Lekin bu erkak va ayol har narsada teng degani emas. Tenglikni mutlaq qabul qilish kaltabinlikdan o‘zga narsa emas. Shaxsan o‘zim ayolga nisbatan jismoniy kuch ishlatilishiga mutlaqo qarshiman. Biroq ayol erkakka jismoniy jihatdan tenglik daʼvo qilgan vaqtda uning ayolligiga qarab o‘tirilmaydi.

Instagramda bir kanalga ko‘zim tushib qoldi. U yerda bahslarda erkaklarga "sakragan", mo‘shtimzo‘r "ayol"larga nisbatan berilgan javob zarbasida ayolning qurbaqaga o‘xshab chalpak bo‘lish videolari yig‘ilgan ekan. Videolarga ko‘z yugurtirib biror ayolga achinmadim. Salomga yarasha alik olingan ekan.

Biz ayol va erkak tengligi haqida gapirilganda, ularning saylash, ishlash, o‘qish, meros, erkin harakatlanish kabi fundamental huquqlarini nazarda tutamiz. Tenglikni jismoniy tomonga ham tadbiq etishni istagan ayollar shunchaki o‘z chegarasini bilmaydi, xolos.

Erkak va ayol teng, qachonki har kim o‘z haddini bilsa.

@birkunimen
Baʼzida kishining muvaffaqiyatlari uning xarakteridagi juda kichik detallarga bog‘liq bo‘ladi. Shunday kishilarni bilaman salomlashib qo‘l uzatayotganda bir soniyaga bo‘lsa ham ko‘zingizga qaraydi, nim tabassum qiladi. Ayrimlarni ko‘rganman, salomlashayotganda sizga qo‘l uzatadi ko‘zi boshqa joyda yoki boshqa odamga gapirayotgan bo‘ladi.

Yana bir toifa bor, begonaga odamga yozayotgan o‘zini mutlaqo tanishtirmasdan gap boshlaydi. Oddiygina qilib, men falonchiman, sizni falon mavzuda bezovta qilayotgan edim desa olam guliston.

@birkunimen
To‘g‘ri, odam kechirimli bo‘lishi kerak, lekin bunda ham meʼyor zarur. Qondoshing bo‘lmaganni bir bir xatoni qayta takrorlashidan so‘ralgan kechirimini qabul qilmaslikka to‘la haqqing bor. Chunki, mo‘min bir teshikdan ikki marta chaqilmaydi, chaqilmasligi ham kerak.

@birkunimen
Bir voqea hech ko‘z oldimdan ketmaydi, to‘g‘rirog‘i o‘sha voqea uchun hech o‘zimni kechira olmayman.

Bir yilcha avval bir joyga oshxonaga kirdim. U yerda patnisni olib o‘zingiz uchun ovqat olib, oxirida kassaga to‘lov qilasiz. Men ham navbatga turdim, mendan oldinda kattaroq yoshli bir kishi turgandi. U tovoqqa guruch, grechka va makaron suzdirdi. Eʼtiborimni tortgani "ko‘proq qilib solib bering" degani bo‘ldi. Lekin bu garnirlar ustiga go‘shtli biror narsa qo‘ydirmadi. Men ham o‘z ovqatimni oldim. Kassaga yaqinlashgach haligi kishining mayda pullarini chiqarib olgan ovqatiga yetadimi yo‘qmi hisoblatayotganini ko‘rdim. Kutib turdim, undan keyin men to‘lov qilib, borib bir stolga o‘tirdim.

Tezda ovqatlanib, turdimu, oshxonadan chiqishdan avval qo‘limni yuvgani o‘tdim. Shundan so‘ng eshik tomonga yuraman deb ko‘zim o‘sha joyga yaqin stolda turgan haligi kishiga tushdi. O‘zi chetda turib, olgan ovqatini beshta 5-6 yoshli bolalar o‘rtasiga qo‘ygan va ularga "olinglar, to‘kmay yenglar" deb turardi. Bolalar ham qoshiqlab o‘sha quruq garnirlarni yeyishardi. Menimcha nabiralari bo‘lsa kerak. Men o‘z yo‘limda davom etib, oshxonadan chiqib ishimga ketdim.

Manzaraga bir soniya ko‘zim tushgan bo‘lsa ham yodimda abadiy muhrlangandek qoldi. Hozirgacha nega o‘sha joyda to‘xtab, bolalarga hech bo‘lmasa bittadan kotletmi yoki biror to‘yimliroq biror narsa olib bermadim degan o‘y, ichimdagi hayqiriq meni tinch qo‘ymaydi. O‘sha ko‘rganim mening sinovim bo‘lgan-u, o‘zimni undan o‘ta olmagandek his qilib qiynalaman. O‘sha oshxonaga borganimda yoki shunga o‘xshash holat tasvirlangan video ko‘rib qolganimda o‘sha voqea yodimga tushadi.

Buni yozishdan maqsadim, agar sizda shunga o‘xshash holat bo‘lib qolsa va imkoningiz bo‘lsa, keyinchalik men kabi afsuslanib qolmaslik uchun introvertligingizni ham chetga surib och odamga, ayniqsa u bola bo‘lsa, ovqat olib bering. Bo‘lmasa ichingizga tushib olgan o‘sha kichik afsuscha sizni hech tinch qo‘ymasdan ichingizni kemiraveradi.

@birkunimen
Gohida hayotingizdagi eng qiyin, eng chigal, eng murakkab davrni yashayotganga o‘xshaysiz. Savollaringiz javobsiz, harakatlaringiz samarasiz, o‘ylaringiz adoqsiz bo‘ladi. Lekin bularning barchasi tong otishidan avvalgi tunning eng qorong‘u qismiga o‘xshaydi. Muhimi hammasi yaxshi bo‘lishiga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmang, sizdan kutilayotgani yana bir necha kichik qadamlar va tong otadi.

@birkunimen
Ahmoq, oddiy va aqlli (balki dono) odam orasidagi farq quyidagi keysda osongina anglashiladi. Ahmoq bir xatoni qayta-qayta qilaveradi, xatosidan xulosa qilmaydi, bir chuqurga takror tushaveradi. Oddiy odam esa bir xato qilgach o‘sha yo‘ldan qayta yurmaydi, o‘sha ishni qayta qilmaydi, xato qilishdan qo‘rqib hammasini yig‘ishtiradi. Aqlli (yoki dono) odam esa xato qilgach xatosini tahlil qiladi va o‘sha ishni keyingi gal xato qilmay bajarishga harakat qiladi.

Biz hammamiz xato qilamiz, xato qilmaydigan odamlar qabrda yotibdi, odam tirikmi demak u xato qiladi. Daqiq nuqta shundaki, xatolarni tinglashni bilish kerak. Ular bizga munosabatlardagi qizil chiziqlarni ko‘rsatib beradi. Mana shu chegaralarni aynan o‘sha xatolar tufayli bilamiz. Xatolar aslida eng yaxshi ustozlardir. Ulardan o‘rganganlarimizga amal qilsak, keyingi gal o‘xshash vaziyatlarda pand yemaymiz.

Tanlov har kimning o‘zida, istasa ahmoq, istamasa oddiy yoki dono yo‘lini tutishi mumkin.

@birkunimen
Hozir youtubeda video ko‘rib turib beixtiyor Shakiraning "Waka Waka" qo‘shig‘iga ko‘zim tushib qoldi. Bu qo‘shiq 2010-yilda Janubiy Afrikadagi futbol bo‘yicha jahon chempionatida aytilgan edi. Bu qo‘shiq menda boshqa bir xotiramni uyg‘otdi.

2004-yil may oyi, sakkizinchi sinfda o‘qirdim. Kechqurun televizor ko‘ra turib 2010-yilgi jahon chempionatining Janubiy Afrikada o‘tkazilishi eʼlon qilinganini ko‘rdim. O‘shanda Janubiy Afrikaliklarning bayram qilayotgani ko‘rsatilgan edi.

Nega bular 6 yildan keyin bo‘ladigan narsaga buncha xursand deb hayron qolgan edim. Chunki 15 yosh bo‘lsam ham 6 yil men uchun juda uzoooqdek tuyulgan edi.

Hozir bunday qarasam o‘sha chempionat bo‘lib o‘tganiga ham 16 yil bo‘libdi. O‘sha hayron qolgan kunimga esa 22 yil. Nazarimda hammasi xuddi kecha bo‘lib o‘tgandek. Vaqt juda tez o‘tmoqda.

@birkunimen
Bu odam aniq kasal. Va ming afsuski dunyo bu kasalning qosh-qovog‘iga qarashga majbur bo‘lmoqda. Dunyo aqldan ozmoqda...

@birkunimen
Hayotiy falsafa

Tuxum tashqaridan sindirilsa - mamot, ichkaridan sindirilsa - hayot. Qanday go‘zal falsafa!

Chindan ham, tashqi motivatsiya bu poxol yonishidan hosil bo‘lgan alanga, ichki moyivatsiya esa yadroviy reaktorgao‘xshaydi. Shu bois anchadan beri motivatorlarga mutlaqo qiziqmayman, o‘zim ham hech kimga motivatsiya berishga alohida harakat qilmayman. Bu xuddi tuxumni tashqaridan sindirish yoki poxolni yoqib gulxan yoqishga o‘xshaydi. U baribir juda tez so‘nadi. Qimmatli resursni bularga sarflash oqilona qaror bo‘lmas, harholda.

O‘zgarishga, erishishga ichkaridan rag‘bat bo‘lmasa, alal oqibat hech narsa bo‘lmas ekan. Bu xulosaga ko‘nmasligingiz mumkin, bu shunchaki vaqt masalasi. Lekin baribir, qachondir shu nuqtaga yetib kelasiz.

@birkunimen