Shohzod Polatov | ScaleUp – Telegram
Shohzod Polatov | ScaleUp
1.38K subscribers
101 photos
22 videos
5 files
35 links
Marketing, biznes va growth management haqida strategiyalar, texnikalar, case-study va lifehacklar - tajriba va xatolar orqali.
Marketing director | Product Marketer | Growth Manager
Bog‘lanish: @shohzodpolatov
Download Telegram
Strategik tahlil: Zamonaviy paradokslar va tanqidiy fikrlash metodologiyasi
(Buni albatta o‘qib chiqing, chunki atrofingizdagi ma’lumotlar sizni yeb qo‘yishi mumkin)

Zamonaviy axborot makonida ma’lumotlar shunchaki fakt emas, balki muayyan narrativni (hikoyalarni) tasdiqlash uchun ishlatiladigan instrumentga aylandi. Olmani olma bilan solishtirish – bu yuzaki statistikadan voz kechib, voqelikni chuqur va funksional darajada tahlil qilish metodologiyasidir.

1. Izolyatsiya vs. Chidamlilik
Ko‘pchilik raqamli dunyo zararlaridan qo‘rqib, "bunker" (to‘liq oflayn) strategiyasini tanlashni to‘g‘ri deb hisoblamoqda. Biroq haqiqiy immunitet – bu qochish emas, balki tizimning stress ostida kuchayishidir.

Bunker effekti: To‘liq izolyatsiya tizimni zaiflashtiradi; birinchi real "virus" (kutilmagan axborot xuruji) bunday himoyasiz tizimni parchalab tashlaydi.
Bizga raqamli izolyatsiya emas, balki axborot oqimini saralaydigan Intellektual Immunitet zarur.

2. Kognitiv standartlar va individual limitlar
"Ekran vaqti 30 daqiqa bo‘lishi kerak" kabi standartlar – bu shunchaki statistik o‘rtacha ko‘rsatkichlardir.

Poyabzal paradoksi: Hammaga bir xil o‘lchamdagi poyabzal taklif qilish qanchalik mantiqsiz bo‘lsa, intellektual limitlarni standartlashtirish ham shunchalik xatodir. Kimdir 10 daqiqa ichida kognitiv charchoqqa uchrasa, boshqa bir professional 5 soatlik Deep Work (chuqur mehnat) davomida yuqori natijaga erishadi.

Limit – bu tashqi taqiq emas, balki sizning intellektual filtringiz sifatidir.

3. Strategik yashirinish (Durov paradoksi)
Pavel Durov yoki Aleks Karp kabi shaxslarning telefonsiz yashashi ko‘pincha "detoks" sifatida talqin qilinadi. Aslida esa bu – ekstremal xavfsizlik chorasidir. Ularning darajasida telefon shaxsiy hayot va trillionlab dollarlik ma’lumotlarga xavf tug‘diruvchi GPS-lokator hisoblanadi.

Muvaffaqiyat trayektoriyasi: Cho‘qqiga chiqqunga qadar ushbu shaxslar barcha aloqa kanallaridan maksimal foydalanganliklarini unutmaslik kerak. Standartlar uni yaratganlar uchun emas, unga ergashuvchilar uchun xizmat qiladi.

4. Bilim etikasi: Ommatan vs. Xossatan
Ilm uzatishning qadimiy va professional tartibi axborotni ikki toifaga ajratadi:
Ommatan (Ommaviy): Jamiyatning umumiy muvozanati uchun xavfsiz, oson hazm bo‘ladigan, o‘rtacha xulosalar.
Xossatan (Maxsus): Tayyorgarligi bor, tizimli fikrlaydigan va natija yaratishga yo‘naltirilgan tor doira uchun mo‘ljallangan "og‘ir" haqiqatlar.
Xavf shundaki, xos ma’lumotni tayyor bo‘lmagan ommaga taqdim etish – chaqaloqqa qattiq go‘sht berish bilan tengdir; bu "mantiqiy hazmsizlikka" yoki chalg‘ishga olib keladi.

Tanqidiy filtr: 3 ta tergovchi savoli
Har qanday motivatsion iqtibos yoki marketing strategiyasini quyidagi savollar orqali tekshiring:
Kontekst: Bu fikr qanday ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda tug‘ilgan?
Omon qolganlar xatoligi: Bu maslahat ortida yashiringan minglab mag‘lubiyatlar statistikasi bormi?
Resurslar: Bu natijaga erishish uchun qanday qurbonliklar berilgan (sog‘liq, oila, vaqt)?

Biz qo‘rqayotgan xavflar aslida biz o‘ylaganimizchalik dahshatli bo‘lmasligi mumkin. Fitratimizda zaiflik, unutuvchanlik va noshukurlik kabi xislatlar borligini tan olish – mukammallik qidirishdan to‘xtashning birinchi qadamidir. Biz hozir ham "kitobdagidek" mukammal yashayotganimiz yo‘q, biroq haqiqat – borliqni boricha qabul qilib, uning ichida o‘z yo‘lini topishdir.

Ushbu tahlil "Instagramdan foydalanmang", "Oflayn hayot kechiring", "Kitob o‘qilmayapti" kabi bir tomonlama xabarlarga nisbatan tanqidiy munosabat sifatida tayyorlandi. Har qanday ma’lumotni tayyor xulosa sifatida emas, tahlil qilingan bilim sifatida hazm qiling.

@scaleupuz
👏102🤯2🤔1
Mantiqqa zid, lekin samarali 5 paradoks

Qancha ko'p ishlasang, shuncha ko'p natija bo'ladi.

Aslida eng band va bosim yuqori paytda to'xtab, dam olsangiz, miya qiyin tugunlarga yechimni aynan o'sha paytda topadi. 1 soatlik dam 5 soatlik samarasiz mehnatni o'rnini bosadi.

Xato qilishdan qochish kerak.

Aslida muvaffaqiyat - bu to'g'ri qarorlar natijasi. To'g'ri qarorlar - tajriba natijasi. Tajriba esa - noto'g'ri qarorlar (xatolar) natijasidir. Muvaffaqiyatga tezroq erishish uchun, yutqazish’ tezligingizni oshiring.

Ko'p o'qigan odam hamma narsani biladi.

Aslida bilimingiz doirasi qanchalik kengaymasin, uning tashqarisidagi noma'lumlik bilan tutashgan chegarasi ham shunchalik kattalashib boradi. Qanchalik ko'p bilsangiz, bilmaydigan narsalaringiz ko'pligini shunchalik aniq his qilasiz.

Tezroq yugursang, manzilga tezroq borasan.

Aslida shoshilish strategik xatolarga va qayta-qayta ishlashga (rework) olib keladi. Sekinlashish sizga eng qisqa yo'lni ko'rish imkonini beradi.

Odamlarga ta'sir o'tkazish uchun ko'p gapirish va o'zingni ko'rsatish kerak.

Aslida odamlarga qiziqarli ko'rinishning eng tez yo'li - ularga chin dildan qiziqishdir. Kamroq gapirib, ko'proq savol bersangiz, odamlar ko'zida aqlli va nufuzliroq ko'rinasiz.

Qisqa qilib aytganda:

Tezlashmoqchimisiz? - To'xtang.
Aqlli ko'rinmoqchimisiz? - Tinglang.
Ko'proq ulgurmoqchimisiz? - Dam oling.
G'olib bo'lmoqchimisiz? - Yutqazishdan qo'rqmang.
Ekspert bo'lmoqchimisiz? - "Hech narsani bilmayman" deb tan oling.

@scaleupuz
🔥17💯5🏆5🤯3
300 000$ boy berilgan dars:
Nega mukammal bo‘lishga urinish bizni sindirdi ?

Ko‘pchilik tadbirkorlar kabi, men ham bir vaqtlar "Ideal mahsulot yaratsam, mijozlar oqib keladi" degan xomxayolga ishonganman. Bu xato menga va jamoamga juda qimmatga tushgan.

Organika - sog‘lom taomlar restorani loyihasida aynan shu tuzoqqa tushdik. Biz shunchaki ovqat sotmoqchi emasdik, biz:
• Mijozning barcha muammosini hal qilmoqchi bo‘ldik;
• Eng ideal ingredientlarni qidirdik;
• Eng mukammal servis va texnologiyani joriy qildik.

Natija nima bo‘ldi? Biz mukammallik ketidan quvib, xarajatlar va murakkablik qanchalik oshib ketganini sezmay qoldik. Biznesimiz 300 000$ dan ortiq zararga qarab ketayotganini ko‘rganimizda esa, endi kech edi.

Mana o‘shanda tushungan 3 ta eng muhim darsim:
1. Mijozga ideal emas, yechim kerak
Biz mijozning hamma muammosini hal qilamiz deb, mahsulotni shunchalik murakkablashtirib yubordikki, natijada uning tannarhi ham, boshqarish qiyinchiligi ham oshib ketdi. Aslida, mijozga uning asosiy ehtiyojini (mazali va sog‘lom ovqatlanish) qondiradigan "etarlicha yaxshi" yechimning o‘zi yetarli edi.

2. Mukammallik - bu cheksiz xarajat Mahsulotni 80% dan 100% gacha mukammallikka olib chiqish uchun sarflanadigan resurs, qolgan hamma narsadan qimmatga tushadi. Biz o‘sha oxirgi 20% lik "ideal daraja" uchun butun biznesning foydasini qurbon qildik.

3. Bozor kutib turmaydi
Biz ideal produkt yaratamiz deb vaqt yo‘qotayotganimizda, bozorning dinamikasi o‘zgarib bo‘lgan edi. Laboratoriyada mukammal narsa yasashdan ko‘ra, bozorda "ishlaydigan" narsa bilan tezroq harakat qilish kerak ekan.

Bugun men "etarlicha yaxshi" mahsulot (MVP) bilan bozorga chiqish va uni mijozning puli evaziga yaxshilab borish tarafdoriman. 300.000$ darsim shuni o‘rgatdiki, mukammal va o‘lik loyihadan ko‘ra, etarlicha yaxshi va tirik loyiha ming marta afzal.

Sizda ham ideal qilaman deb vaqt yoki mablag‘ boy berilgan holatlar bo‘lganmi ?
Izohlarda tajribamiz bilan bo‘lishamiz!


@scaleupuz
🔥16💯6👏4🤝1
Aka, narxingiz juda arzon, shuning uchun sizga ishonmayman !
(Storytelling)

Yil 2018. Toshkentda kreativ industriya gullagan payt. Mijoz shunchaki "Love Story" emas, balki "Lord of the Rings" (Uzuklar hukmdori) atmosferasini ekranlarda jonlantirmoqchi edi. Bu shunchaki loyiha emas, bu kreativ jamoalar uchun haqiqiy challange' edi.

Mijoz bozorni o'rganib ikki tajribali jamoa Shohona Creative Group va o'sha paytda klipmeykerlik cho'qqisida turgan Primkulov Visuals' ga ishondi.

G'oya bitta, sharoitlar teng. Biz hisob-kitob qildik: odatda 2,500$ ga olayotgan filmlarimizdan farqli o'laroq, bu safar sifatni yuqori darajaga chiqarib, 7,800$ narx aytdik. Ichimizda "Yaxshigina narx so'radik, mijozga og'irlik qilmidi" degan ishonch bor edi.

Ammo kutilmagan zarba raqibdan keldi. Primkulov Visuals 28,000$ narx qo'ydi. To'rt barobar farq!

Mijozning oldiga borganimda, u menga rad javobini berish uchun emas, hayratini bo'lishish uchun chaqirgandek edi. Uning gaplari har doim qulog'imda turadi:

"Bilasizmi, sizning narxingiz meni qo'rqitib yubordi. Primkulov bekorga 28 ming so'ramagan bo'lsa kerak, ular har bir detalni, har bir xatoni hisoblab chiqqan mutaxassisga o'xshashdi. Sizning narxingiz esa juda past... Men sifatdan shubhalanyapman."

O'shanda tushundim: Men arzonroq sotib, mijozni tejashiga yordam bermoqchi edim, lekin aslida uning ishonchini boy berdim. Men unga narx taklif qildim, Primkulov esa - xotirjamlik va kafolat sotdi.

Ushbu voqealikning 4 ta asosiy qismi

Mijoz nega bunday qarorga kelganini tushunish uchun kitoblar shart emas, mana bu oddiy tushunchalar hammasini tushuntirib beradi:

1. Arzonning sho‘rvasi tatimas
Xalqimizda bekorga bu gap yo‘q. Agar mijoz o‘z loyihasini olamshumul deb bilsa, u arzon narxdan qo‘rqadi. Arzon narx u uchun "qayerdadir xatolik bor" yoki "sifat past bo'ladi" degan signalni beradi.

2. Ekspertlik statusi
Raqobatchi professional aktyorlar va yirik yulduzlar bilan ishlagan. Uning narxi nafaqat mehnatini, balki uning ismini ham sotgan. Mijoz 28,000$ to‘layotganda, aslida videoga emas, balki "Eng zo‘r mutaxassis bilan ishlayapman" degan ichki xotirjamlikka pul to‘lagan.

3. Psixologik chegara
Har bir loyihaning mijoz ongida taxminiy narxi bo‘ladi. Agar loyiha katta va jiddiy bo‘lsa, mijozning psixologik chegarasi ham baland bo‘ladi. Siz bu chegaradan juda pastga tushib ketganingizda, mijoz o‘zini noqulay his qila boshlaydi.

4. Riskni sug'urtalash
Mijoz uchun 20,000$ ko‘p pul, lekin to‘y videosining buzilishi - u tuzatib bo‘lmas emotsiya. U "qimmat aytdimi, demak hamma narsani hisobga olgan, mas’uliyatni bo'yniga oladi" deb o‘ylaydi. Ya’ni, u qimmat narxni kafolat sifatida sotib oladi.

Sotuv san'ati bu faqat narxni tushirish emas, balki mijozning qo'rquvlarini yo'qotishdir. O'shanda men marketingni emas, mijoz psixologiyasini o'rganganman.

@scaleupuz
👍19🔥7🤯4
So'zlar - taqdiringizni belgilaydi !

Biz ishlatadigan so‘zlar tovush emas, ular miyamizdagi dasturdir. Lider va muvaffaqiyatli inson bo‘lish uchun tilimizdagi to‘siqlarni - imkoniyatlarga aylantirishimiz shart.

Majburman emas Tanladim
Qurbonlikdan voz keching, hayotingiz - o‘z tanlovingiz mahsuli.

Odamlar nima deydi? emas O'zimga nima deyman?
Tashqi bahoga qaramlikni to‘xtating, ichki standartlaringizni o‘stiring.

Omadim kelmadi emas Strategiyam ish bermadi
Muvaffaqiyatsizlikni tasodif emas, balki tahlil qilinishi kerak bo'lgan aniq ma'lumot (data) deb qabul qilish.

Vaqtim yo'q emas Bu prioritetim emas
Vaqt yetishmasligi haqidagi bahonani to'xtatib, hayotni ongli ravishda tartibga solish.

Ular menga yo'l bermadi emas Men hali yo'l topmadim
To'siqni boshqalardan emas, o'z mahoratingizning yetishmasligidan qidirish va ustingizda ishlash.

Nega aynan men? emas Bu menga nima beryapti?
Qiyinchilikni jazo deb emas, balki keyingi darajaga o'tish uchun zarur bo'lgan trenajyor deb bilish.

Hali tayyor emasman emas Jarayonda o'rganaman
Mukammallik (perfectionism) tuzog'idan chiqish va harakat orqali tajriba to'plash.

Nima uchun bu transformatsiya hayotni o'zgartiradi?

Majburman deganingizda miya buni stress deb qabul qiladi va ijodkorlikni bloklaydi. Tanladim deganingizda esa, mantiqiy fikrlash markazi faollashadi va yechimlar qidira boshlaydi. Mas'uliyatni to'liq o'ziga olgan inson hech qachon "qurbon (жертва)" bo'lmaydi. Hatto yutqazgan taqdirda ham, u buni qimmatli dars deb ataydi va yanada kuchliroq bo'lib qaytadi.

Ushbu so'zlarni kundalik muloqotingizga yoki jamoangiz bilan ishlash jarayoniga tatbiq qiling bu juda muhim !

@scaleupuz
🔥118💯3🏆2
2026 yilda ishlamaydigan marketing vositalari: Pulni havoga otmang!

Bugun iste'molchilar agressiv reklama va bosimdan charchagan. Quyidagi vositalar samarasini yo'qotdi – ular faqat vaqt va pulni yeb qo'yadi. Keling, O'zbekiston misollari bilan ko'rib chiqaylik.

1. Agressiv sovuq qo'ng'iroqlar va SMS-spam
Odamlar notanish raqamlardan qo'ng'iroq kelsa, darrov bloklaydi. Nega? Chunki bu shaxsiy hayotga tajovuz.
Misol: Aura changyutgichlari yoki suv filtrlari sotuvchilari doim qo'ng'iroq qiladi. Hozir Yandex robotlari ham shunday - agar robot gaplashayotganini bilsam, telefonni qo'yib yuboraman. Natija: salbiy imidj va bloklangan raqamlar.

2. An'anaviy "Voronka" (Marketing Funnel)
Eskirgan model: Awareness → Interest → Desire → Action. Bugun odamlar ijtimoiy tarmoqlardan darrov sotib oladi yoki uzoq "o'ylaydi".
Misol: Changyutgich sotuvchilari "uzoq xizmat qiladi" deb ishontiradi, bepul sinov yoki tavsiyalar qo'shadi. Lekin 2026 yilda raqobatli bozorda bu ishlamaydi. Monopoly mahsulotlarda (masalan, O'zbekistonda KIA, BYD yoki Chevrolet mashinalari) esa Awareness orqali darrov Desire yaratish mumkin – chunki alternativ yo'q deb sotuv qilishadi aslida esa madaniy ishonch kuchli ushbu brendlarga.

3. Maqsadsiz mass-reklama
TV, radio, billboardlar – qimmat va aniq natija yo'q. "Hamma uchun" reklama pulni behuda sarflaydi.
Misol (o'rta/kichik biznes uchun): TV efirida o'rtacha 200.000 $, radio 12.000$, billboard – 5.000-6.000$. Kantar hisobotlari "respublikada shuncha odam ko'rdi" deydi, lekin sizning kerakli mijozingiz (Toshkentdagi 30-40 yoshli oilalar) diqqat qilganmi, sotib oldimi? Nazorat yo'q! Katta biznesda bu boshqacha, lekin o'rta biznes byudjetini yeydi.

Qiziq fakt: Korzinka tarmoqlari kuniga 500 ming chek chiqaradi, 2026 oxirida 1,5 mln ga yetadi. Mijoz 20-30 daqiqa do'konda – shu vaqt ichida aniq reklama (masalan, do'kon ichidagi ekranlar) mass-mediadan yuqori samara beradi.


4. Soxta shoshilinchlik
"Faqat bugun! Oxirgi 2 soat!" – bu yolg'on bosim ishonchni yo'qotadi.
Misol: Ijtimoiy tarmoqlarda "90% chegirma!" deydi, lekin asl narxni oshirib, undan tushirgan. Aksiya tugasa "sotib bo'ldik" deyishadi. Natija: mijoz brendga sodiq bo'lmaydi, aksincha, do'stlariga "aldadi" deb aytadi. Uzoq muddatda bu brendni vayron qiladi.

Yangilik: Zero Click xavfi (SEO o'lib borayapti)
Google qidiruvda endi sahifalar emas, Gemini AI javob beradi. 2025 Q4 statistikasi: qidiruvchilarning 60-70% AI javobida qolib, saytlarga o'tmayapti (Google ma'lumotlari bo'yicha). SEO ni AI ga moslash, aks holda trafik nolga tushadi.

2026 da muvaffaqiyat - shaxsiy, data-asosli marketingda. Agressiv usullardan voz keching, mijoz ehtiyojini tushuning!

@scaleupuz
🔥13💯42🤔1
Nega tor segmentga moslashish biznesni boshlashda yordam beradi, lekin rivojlanishda to‘siq bo‘ladi?

Keling, tarixga nazar tashlaymiz. Dunyo gigantlari o‘z inqirozi arafasida qanday fikrlashgan edi?

Kodak: "Odamlar har doim qo‘lida ushlab ko‘radigan rasmlarni xohlashadi. Raqamli suratlar - shunchaki sifatsiz o‘yinchoq."
BlackBerry: "Mijozlarimizga faqat xavfsizlik va tugmachali klaviatura kerak. Jiddiy inson ekran ustida barmoq surib, o‘yin o‘ynamaydi. iPhone - yosh bolalar uchun o‘yinchoq."
Vertu: "Bizning mijozimiz - boy odam. Unga tezkor protsessor emas, tilla korpus, sapfir ekran va 24 soatlik xizmat kerak. Texnologiya - bu ikkinchi darajali narsa."

Nega men aynan shu iqtiboslar bilan boshladim ? Ularning barchasini bitta umumiy xatolik birlashtirib turadi. Kecha bir tadbirkor bilan suhbatlashayotib, undagi muammoni yoki boy berilayotgan imkoniyatni ko'rib, ushbu postni yozishga qaror qildim.

Diversifikatsiya nima?
Diversifikatsiya - bu biznesning barqarorligini oshirish va xavflarni kamaytirish uchun o‘z faoliyatini turli yo‘nalishlar, mahsulotlar va bozor segmentlari bo‘yicha taqsimlashidir.
Marketing tili bilan aytganda, bu:
• Mahsulot bo‘yicha: Bir xil ehtiyoj uchun har xil narxdagi yechimlar taklif qilish.
Segment bo‘yicha: Ham "Low", ham "High" segmentdagi mijozlarga moslashish.
Xavfni boshqarish: Agar bitta yo‘nalish (masalan, oflayn savdo) to‘xtab qolsa, ikkinchisi (onlayn) biznesni saqlab qolishi.

Uch pog‘onali narx strategiyasi: Good-Better-Best
Uch xil narx kategoriyasini taklif qilish - psixologik jihatdan eng mukammal modeldir. U quyidagicha ishlaydi:
• Low Segment : Bu - eshik. Uning asosiy vazifasi foyda keltirish emas, balki mijozni brend ekotizimiga olib kirish va raqiblarning yo‘lini to‘sishdir.
• Middle Segment : Asosiy daromad va reja shu yerda. Bu segment mijozga "Men eng to‘g‘ri tanlovni qildim" degan muvozanat hissini beradi.
• High Segment : Bu paket qimmat va haybatli ko‘rinishi shart. Uning vazifasi - o‘rtadagi (Middle) paketni jozibaliroq va arzonroq ko‘rsatish, shuningdek, VIP mijozlarning eng yuqori talablarini qondirishdir.

Nega faqat premium yoki faqat byudjet bo‘lib qolish xavfli?
Agar siz faqat bitta segmentga yopishib olsangiz, operatsion xarajatlar (ijara, xodimlar, marketing) marjani yeb qo‘yadi. Sotuv hajmi esa segment cheklangani sababli o‘smaydi. Iqtisodiy tebranish yuz berganda, taklifida uchala segment uchun ham mahsuloti bo‘lmagan bizneslar birinchi bo‘lib yiqiladi.

Bundan kelib chiqib shuni aytsak bo'lardi:
Kodak - rasm chiqarishni emas, hissiyotlarni (xotiralarni) sotishi kerak edi.
BlackBerry - klaviaturani emas, xavfsiz muloqotni sotishi kerak edi.
Vertu - tillani emas, eksklyuziv raqamli tajribani sotishi kerak edi.


Bozor va mijoz ehtiyojlari bizni kutib turmaydi. Diversifikatsiya qiling yoki tarix sahifalaridan joy oling!

@scaleupuz
🔥13💯31
2026-yilda kim bozorni boshqarishini bilmoqchimisiz?
(Maxsus fayl! Barcha sohalar uchun muhim ma’lumotlar)

Mana dunyoning eng nufuzli tahliliy markazlari - McKinsey, Gartner va Deloitte tayyorlagan 2026-yilgi yo‘l xaritasi. Bu shunchaki fayllar emas, bu sizning kelasi yilgi daromadingiz va raqobatdagi ustunligingizdir.
Tadbirkormisiz yoki marketolog - agar buni o‘qimasangiz, bozorda trendlardan orqada qolishingiz aniq.

⚠️ Eng muhim nuqtasi: 3 kundan keyin bu havolaga kirish butunlay yopiladi.

🔗 https://drive.google.com/drive/folders/1hB_qgFT34a6duTAoYnJqcLumka9MtGys?usp=drive_link

Nega?
Chunki hamma narsani keyinga suradiganlar kamdan-kam hollarda natija qiladi. Bizga hozir harakat qilib, raqiblarini ortda qoldiradigan liderlar kerak.
Hozir yuklab olib ustunlikni qo‘lga kiriting yoki 3 kunda imkoniyatni qo‘ldan chiqaring. Tanlov o‘zingizda.

@scaleupuz
Please open Telegram to view this post
VIEW IN TELEGRAM
🔥62🤯2👍1
Savdo bor, lekin baraka yo‘q - bu ko‘plab tadbirkorlarning bugungi dardi (O'rta va kichik bizneslar uchun)

Narx belgilash - bu shunchaki mahsulot ustiga foyda qo‘yish emas, bu biznesingizning ertangi kunini hal qilishdir. Ko‘p tadbirkorlar aynan shu joyda adashib, yillar davomida foydasiz aylanma ichida qolib ketishadi.

Keling, ushbu muhim mavzuni bosqichma-bosqich tahlil qilamiz.

Hozirgi kundagi narx qanday hisoblanyapti?
Bugun ko‘pchiilik ikki xil sodda yo‘ldan boradi. Birinchisi - raqobatchiga qarash. Ya’ni, qo‘shni do‘kon mahsulotni 100 so‘mga sotsa, men mijozni tortish uchun 95 so‘m qilaman deb o‘ylashadi. Ikkinchisi - taxminiy ustama. Mahsulotni 100 so‘mga oldim, ustiga 20 foiz qo‘shib 120 so‘mga sotaman deyishadi. Bu usullarning ikkalasi ham xavfli, chunki ular biznesning ichki xarajatlarini hisobga olmaydi.

Muammo nimada bo‘ladi?
Agar narxni yuqoridagi kabi taxminan qo‘ysangiz, siz o‘z foydangizni qo‘shib sotib yuborasiz. Bu shuni anglatadiki, kassa pulga to‘la ko‘rinadi, savdo bo‘ladi, lekin oy oxirida ijara, oyliklar, reklama va soliqlarni to‘laganingizdan keyin yangi tovar olishga pul yetmay qoladi. Siz boy ko‘rinasiz, lekin cho‘ntagingiz bo‘sh qoladi. Bunday biznes rivojlanmaydi, aksincha, egasini moliyaviy charchatadi.

Asli qanday hisoblash kerak?
To‘g‘ri narx formulasi mahsulotning butun hayot yo‘lini o‘z ichiga olishi shart. Bunda quyidagilarni inobatga oling:

• To‘liq tannarx: Mahsulotning narxi, qadoqlash, yetkazib berish va yo‘ldagi yo‘qotishlarni qo‘shing.
Mijozni jalb qilish xarajati: Bitta mahsulotni sotish uchun sarflangan reklama va marketolog maoshini har bir dona mahsulot narxiga yuklang.
Operatsion xarajatlar: Ofis ijarasi, svet, bank komissiyasi va soliqlar har bir sotuvning ichida bo‘lishi kerak.
Qiymat ustamasi: Agar mahsulotingiz mijozning og‘riqli muammosini hal qilsa yoki unga o‘zgacha status bersa, narx tannarxdan ancha baland bo‘lishi mumkin.

U uchun qanday hisobotlar kerak?
Raqamlar bilan aniq ishlash uchun sizda mana bu uchta moliyaviy hisobot yuritilishi shart:

Foyda va zararlar hisoboti (P&L): Bu sizga haqiqiy foydangiz qancha ekanini ko‘rsatadi.
Zararsizlik nuqtasi tahlili (Break-even): Minusga kirmaslik uchun kamida qancha va qaysi narxda sotish kerakligini hisoblab beradi.
Pul oqimi hisoboti (Cashflow): Kassadagi pul haqiqatda siznikimi yoki u hali to‘lanishi kerak bo‘lgan qarzlarmi, shuni aniqlaydi.

Sizningcha, arzon sotib bozorga kirish to‘g‘rimi yoki qiymat yaratib qimmatroq sotishmi?

Ushbu postni narxi noto‘g‘ri hisoblangani uchun aylanmasi bor-u, barakasi yo‘q bo‘layotgan barcha servis va mahsulot sotayotgan tadbirkor do‘stlaringizga yuboring. To‘g‘ri hisob-kitob - muvaffaqiyatning yarmi.

Agarda sizda hisobotlar jadvali qanday ko'rinishda bo'lishi kerak degan savol bo'lsa izohda "Hisobot" deb yozing men sizga yuboraman !

@scaleupuz
🔥142👍2🏆1
CPM bozorida yangi o'yinchi: ChatGPT $60?!

Reklama bozoridagi o'rtacha CPM (1000 ta ko'rsatuv) narxlari:
• Telegram €3.00
• Yandex $4.00
• Meta $5.00

• ChatGPT $60.00


Xo‘sh, nima deb o'ylaysiz ?
Har 1000 ta ko‘rsatuv uchun $60 sarflash o'zini oqlaydimi yoki bu shunchaki qimmat hypemi?

Fikringizni qoldiring!
@scaleupuz
🤯145🤔3🔥2
Mutahassislik yo'lida - 3 ko'nikma !

Ko‘chada har xil manzarani ko‘raman.
Kimdir telegram’da chiqqan xabarga ishonib,
“Ertaga benzin qimmatlaydi ekan” deb navbatga turib ketadi.
Keyin bilsak - oddiy mish-mish.
Kimdir telefoni buzilishi bilan birinchi ustaga yuguradi.
50$ ketadi.Narigi ko‘chada xuddi shu ish 15$ ekanini keyin biladi.
Yana kimdir har oy: “Pul yetmayapti” deydi.
Lekin nega yetmayotganini hech qachon hisoblab ko‘rmagan.
Bu odamlar yomon emas. Aqlli ham. Muammo boshqa joyda.

Ularning qo‘lida 3 ta asosiy ko‘nikma yo‘q.
Birinchisi - kritik fikrlash !
Eshitgan har narsaga ishonmaslik.
“To‘xta, bu qayerdan chiqdi?” deb savol bera olish.
Agar bu bo‘lmasa - seni yangiliklar emas, vahima boshqaradi.

Ikkinchisi - tahlil qilish !
Vaziyatni parchalab ko‘rish.
Variantlarni solishtirish.
Qaysi biri foydaliroq ekanini hisoblash.
Agar bu bo‘lmasa - qarorlaring tasodifiy bo‘ladi.

Uchinchisi - muammoni hal qilish ko‘nikmasi !
Muammoni yashirmaslik. Aniq qo‘yish. Yechim topib, amalda sinab ko‘rish.
Agar bu bo‘lmasa - muammo har oy, har yili qayta keladi.

Shunaqa paytda tushunasiz: Gap qaysi sohada ishlayotganingizda emas.
• Loyiha sotmoqchimisiz ?
Mijoz sizdan shu 3 narsani kutadi.
• Yangi sohani egallamoqchimisiz?
Sizni ajratib turadigan ham shu 3 ko‘nikma bo‘ladi.
• Hayotda nimagadir erishmoqchimisiz?
Yana o‘sha gap - baribir shu 3 tasi.
Qolgan bilimlar, kurslar, diplomlar - bu instrument.
Bu 3 ko‘nikma esa - fundament.
Fundament bo‘lmasa, eng chiroyli bino ham baribir qulaydi.

Esda tuting: Bu ko'nikmalar muskul kabi - mashq qilmasangiz, kuchaymayd!

@scaleupuz
🔥9👏8🤯3💯2
Mijozni "sotib olish" emas, "uyaltirib qo‘yish" san’ati

Yaqinda Indoneziya safarimda qiziq holatga guvoh bo‘ldim: u yerda ham xuddi bizdagi kabi "Try" - ya’ni "tatib ko‘rish" madaniyati juda kuchli ekan. Sotuvchi mahsulotni shunchaki maqtamaydi, qo‘lingizga tutqazadi. Shunda tushundimki, nega ota-onalarimiz zamonaviy, konditsionerli supermarketlar turganda haliyam bozorga chopishadi. Gap narxda emas!

Bozorda sizga bir tilim tarvuzni kesib berishganda yoki yong‘oq chaqib uzatishganda, sizda "Qarzdorlik hissi" paydo bo‘ladi. Bizning "Yegan og‘iz uyalar" degan madaniy kodimiz ishga tushadi. Sotuvchi sizga ishonib, bepul ilindimi - siz endi shunchaki rahmat deb ketib qolishga uyalasiz. Bu bozordagi eng kuchli psixologik “ловушка”dir.
Hozirgi raqamli dunyoda, ayniqsa "podpiska"(obuna) modellarida hamma teskarisini qiladi: "Avval to‘la, keyin ko‘rasan". Odamlar esa ichida nima borligini, network foydalimi yoki yo‘q - bilmaydi. Natijada pul kuyishidan qo‘rqib, xaridni orqaga suradi.

Biz o‘zimizning xususiy maktab loyihamizda aynan ushbu bozar usulidan foydalanamiz.
• Ota-onalar kelganda, "To‘lov qiling" demadik.
• "Farzandingiz kelib, to‘liq o‘qib ko‘rsin, bepul" dedik.
• Ko‘pchilik "Qo‘rqmaysizmi?" deb so‘raydi. Ishonamiz !
Chunki bola darsdan chiqib, ko‘zlari yonib "Dada, menga shu yer yoqdi" desa, ota-onada ikkita kuchli turtki bo‘ladi:
• Farzandining xohishi.
• Biz yaratgan sharoitdan - qarzdorlik hissi.

Agar mahsulotingiz sifatidan qo‘rqmasangiz - chegaralarni oching. Odamlarga tatib ko‘rish imkonini bering.
Bizning madaniyatda yaxshilikni unutmaydigan va "yegan og‘zi uyaladigan" sodiq mijozlar shunday paydo bo‘ladi.

@scaleupuz
🔥20💯9🏆4
Agar tez boyib ketmoqchi bo‘lsangiz, restoran biznesiga umuman yaqinlashmang.
Mana nima uchun...


Muvaffaqiyat aldamchi bo'lganda
2018-yil, noyabr. "Shohona" production gullagan paytlar. Yillik aylanmamiz 400-500 ming dollar atrofida. Tashqaridan qaraganda hammasi zo‘r: yosh oila, tagimda mashina, cho‘ntakda pul. Lekin ichimda g‘alati bo‘shliq bor edi. Ijodiy ambitsiyalarim so‘nayotganini, bu soha men uchun vaqtinchalik ekanligini his qildim. Menda pul bor edi, lekin yangi challenj yo‘q edi. Men qulay zonadan chiqib, o‘zim tushunmagan jangga kirishga qaror qildim.

Yurmaydigan joy va boshlanishdagi xatolar
Oybek ko‘chasidan joy topdik. Piyodalar oqimi zo‘r, parkovka bor. Lekin bitta muammosi bor edi: bu joyda mendan oldin ikkita kafe ochilib, bankrot bo‘lib yopilib ketgandi. Hamma bu joy yurmaydi derdi. Men esa ichki intuitsiyamga ishondim.
Reja oddiy edi: Noyabrda olamiz, 3 oy remont va yanvarda ochilish. Reallik esa shafqatsiz bo‘ldi: Men bu sohani mutlaqo tushunmasdim. Remont cho‘zildi, aprelda ochildi. Ishongan oshpazim 3 oydan keyin tashlab ketdi. Men o‘rtada qoldim.

Rahbarlikdan - qora mehnatga
O‘shanda menda ikkita yo‘l bor edi: Yoki yopish, yoki yeng shimarib kirishish. Men ertalab soat 06:00 da bozorga chiqishni, oshpazlarga yordamchi bo‘lishni va moykada idish yuvishni tanladim. Bu hobbi meni boshqa inson qilib shakllantirdi.

Ushbu 7 yillik tajribadan men olgan muhim darslar:
Bu sohada muvaffaqiyat qozonish uchun faqat mazali ovqat yetarli emas ekan. Mana men o‘rgangan va sizga maslahat beradigan 4 ta asosiy ustun:

Metrika - hissiyotdan ustun: Restoran bu ijod emas, bu matematika. Gramovkadagi 5 gramm xato yoki bozordagi 1000 so‘mlik farq oy oxirida millionlab zarar bo‘lishi mumkin. Agar har bir tiyinning hisobini qilolmasangiz, bu soha sizning foydangizni yeb qo‘yadi.

Core Product strategiyasi: Bizning birinchi kiritgan taomimiz hali ham TOP-1. Maslahatim: Menyuingizni yuzlab ovqatlar bilan to‘ldirmang. Bitta top mahsulot yarating va qolganlarini uning atrofiga savdoni oshirish (upsell) uchun qo‘shing.

Tizim xodimga bog'liq bo'lmasligi kerak:
Umumiy ovqatlanishda xodimga 100% ishonish - bu muammo. Jarayonlarni shunday yozingki, oshpaz ketsa ham taomning tami, bozorlikning sifati va servis darajasi o‘zgarmasin. Siz tizim egasi bo‘ling, odamlar emas.

O‘z biznesingizning eng pastki bo‘g‘inida ishlamas ekansiz, xodimlaringiz sizni doim aldashi mumkinligini unutmang. Men bozordagi narxni va idish yuvishdagi qiyinchilikni bilganim uchungina xodimlar bilan bir tilda gaplasha oldim.

Kichik raqamlar - katta g‘alaba
Birinchi kuni kassamiz atigi 362,000 so‘m edi. Bugun esa Mustafa 7 yoshda. Boshida 68.000$ bilan kirgan loyihamizga 3 yil ichida jami 130.000$ investitsiya qildik. 3.5 yilda o‘zini oqlashga chiqdi.

Umumiy ovqatlanish - bu borini tikib tavakkal qiladigan soha emas. Bu uzoq muddatli marafon. Lekin agar siz bu yerdagi kichik metrikalarni boshqarishni o‘rgansangiz, va'da beraman - boshqa har qanday biznesda eng kuchli mutaxassis bo‘la olasiz. Bu yerdagi maktab MBA'dan kuchliroq.

Sizning biznesingizda Top-1 bo'lib turgan asosiy mahsulotingiz nima?
Izohlarda ulashing, tahlil qilamiz.

@scaleupuz
121👏11👍6🏆4
Madaniy kod: O‘zbek bozorining yozilmagan qonuniyatlari

Oxirgi vaqtlarda madaniy kod tushunchasi haqida ko‘p gapirdim. Bu shunchaki nazariya emas, balki bizning turmush tarzimiz va qaror qabul qilish jarayonlarimizni boshqaradigan ko‘rinmas kuchdir. Kuzatuvlarim va tahlillarim natijasini sizlar bilan ulashmoqchiman.
Har qanday brend - u xoh kichik do‘kon bo‘lsin, xoh yirik kompaniya - mijoz bilan kommunikatsiya qurayotganda mana shu kodlarni inobatga olishi shart. Agar siz mijozning tili va madaniyatini inobatga olmasangiz, eng oxirgi marketing strategiyasi ham kutilgan natijani bermasligi mumkin.

Mana, bizning bozorga xos bo‘lgan asosiy madaniy kodlar:
Kod: Brend emas, insonga ishonamiz.
O‘zbek madaniyatida qaror rasional emas, shaxsiy ishonch orqali qabul qilinadi. “Kim qilyapti?” degan savol “Nima qilyapti?”dan ustun turadi.
• Kod: Uzoq qoladimi?
Iste’molchi va tadbirkorda ichki qo‘rquv bor: “Bugun bor, ertaga yo‘q”. Barqarorlik - eng katta argument.
• Kod: Ijtimoiy baholash juda kuchli.
Qarorlar ko‘pincha jamoat fikri asosida qabul qilinadi. “Odamlar nima deydi?” - biz uchun eng kuchli trigger.
• Kod: O‘zimizniki - xavfsiz.
Begonadan ko‘ra tanish orqali kelgan taklif oson qabul qilinadi. Netvork - bizda shunchaki aloqa emas, madaniy refleksdir.
Kod: Arzon emas, oqlanishi kerak.
O‘zbek xaridori eng arzonini emas, puliga yarasha qiymat beradiganini qidiradi.
Kod: Avval his, keyin hisob.
Qaror avval ichki tuyg‘u bilan qabul qilinadi, keyin esa mantiq bilan o‘zini oqlashga harakat qilinadi.
Kod: Kuchli, adolatli, g‘amxo‘r.
Rahbar faqat menejer emas, u - himoyachi va yakuniy qaror chiqaruvchi shaxs.
Kod: Natija qani?
Nazariyaga sabr kam, amaliy foydaga talab baland.
Kod: Pul - faqat mehnat emas, taqdir.
Bu kod tadbirkorning xavfga bo‘lgan munosabatini shakllantiradi.
Kod: Qanday gapirding - kim ekaningni ko‘rsatdi.
Muomala - brendning yarmi. Inson bilan qanday so‘zlashish mahsulotning sifatidan kam ahamiyatga ega emas.

Ushbu kodlarni tushunish va ularni mijoz bilan muloqotga kirishish har bir biznes uchun muvaffaqiyat omilidir.
Mijoz o‘zini tushunadigan va o‘zi kabi oylaydigan brendga ko‘proq bog‘lanadi.
Sizningcha, ro‘yxatga yana qaysi madaniy kodimizni qo‘shgan bo‘lar edingiz?
Fikringiz men uchun qiziq.

@scaleupuz
🔥93🤝3👀1
50% kam pul, lekin 10 barobar katta qiymat

2014–2015 yillar edi. O‘sha paytda menda na studiya bor edi, na brend, na nom. Odamlar meni shunchaki video montaj qiladigan yigit sifatida bilardi. Asosan freelance ishlardim. Bir dona product montaji o‘rtacha 400$ turardi. Tashqaridan qaraganda hammasi joyida: ish bor, pul bor, buyurtmalar kelib turibdi. Lekin ichimda tinmay bezovta qiladigan bitta savol bor edi: man shu joyda qolib ketmasmikinman ?

Pul muammo emas edi. Muammo - o‘sish edi. Men katta loyihalar ichida emas edim, kuchli jamoalar bilan ishlamasdim, katta mijozlarning qanday fikrlashini bilmasdim. Eng yomoni, o‘zimni hali katta o‘yinning ichidagi odam sifatida his qilmasdim. Ich-ichimdan nimadir bundan kattaroq bo‘lishing mumkin deb turardi, lekin qanday bilmasdim.

Shaharda bir video production studiyasi bor edi. O‘sha paytlari eng qimmat, eng talabchan, eng oldi studiyalardan biri. Ko‘pchilik u yerga yaqinlashishga qo'rqib turardi. Ichimda ming xil qo‘rquv bor edi: kerak emassan deyishadi, seni olishmaydi. Shunga qaramay bordim. Ba’zan odam aniq reja bilan emas, shunchaki o‘zini tekshirish uchun qadam tashlaydi.

Ichkariga kirdim. Xonaga qarasam, menga o‘xshagan 15 ga yaqin montajchi o‘tiribdi. O‘sha zahoti ichimdan o‘tdi: ha, mani tochno olishmaydi. Shu payt ketib qolishim mumkin edi. Lekin nimagadir qoldim. Ishlarimni ko‘rishdi. Keyin shunday deyishdi: ish beramiz, lekin sen so‘ragan pulni bermaymiz. 50% kam.

Mana shu joy - hamma to‘xtaydigan joy. Bir tomonda odatdagi 400$, xavfsiz yo‘l, tanish hudud. Ikkinchi tomonda kam pul, katta bosim, kuchli muhit va noma’lumlik. O‘sha paytda buni aniq so‘z bilan ifodalay olmaganman, lekin ichimda bitta fikr bor edi: pulni keyin ham topaman, lekin bu muhitga yana kira olmasligim mumkin. Shuning uchun roziman dedim.

Shu bilan haqiqiy maktab boshlandi. U yerda menga hech kim o‘tirib dars o‘tmadi. Lekin men katta mijozlarning qanday o‘ylashini, ularning kaprizlari qayerdan kelishini, sotuv majburlash emas, ishonch ekanini, qimmat narx qachon mantiqli bo‘lishini ichidan ko‘rdim. Bularni kitobdan yoki kursdan o‘rganib bo‘lmaydi. Bular faqat ichkarida bo‘lib seziladi.

Taxminan ikki yilcha hamkorlik qildik. Shu vaqt ichida sezmay turib o‘zgardim. Mas’uliyatim oshdi, qaror qabul qilishdan qo‘rqmay qo‘ydim, muammolarni ko‘rib chetga chiqadigan emas, ichiga kirib hal qiladigan bo‘ldim. Eng qizig‘i, o‘zimni boshqa darajadagi odamlar bilan bir stol atrofida o‘tirishga haqli his qila boshladim.

Keyin tushundim: men u yerdan pul olib chiqmaganman. Men u yerdan ko‘nikma, qarash, fikrlash olib chiqqanman. Keyin o‘z productimni qilganimda qimmat narx qo‘yishdan qo‘rqmadim. Chunki bu narx havodan olinmagan edi, uning orqasida real tajriba bor edi.

Shu sabab bitta oddiy xulosaga keldim: amaliyot nazariy bilimlardan kamida o‘n karra kuchliroq. Agar hozir ish tanlayotgan bo‘lsang yoki kam puldan qo‘rqayotgan bo‘lsang, bitta savolni ber: bu joy menga hozir qancha pul beradi emas, meni kimga aylantiradi? Ba’zan hayotdagi eng katta sakrash orqaga tashlangan bir qadamdan boshlanadi.

Oxirida shuni aytmoqchiman: agar sen o‘smoqchi bo‘lsang, avval o‘z sohangda eng zo‘r kim ekanini aniqlagin. Kim bozorda standart qo‘yadi, kimning yonida ishlash qiyin, lekin kim bilan ishlagan odamlar keyin boshqa darajaga chiqadi - aynan o‘sha joyni top. Va savolni ish haqi bilan boshlama. Savol shunday bo‘lsin: meni olishlari uchun men nimani bilishim, nimani qila olishim kerak. Chunki haqiqiy tajriba tashqarida emas, aynan o‘sha kuchlilar ichida shakllanadi. O‘sha yerda sen faqat ish qilmayasan, sen boshqa odamga aylanasan.

@scaleupuz
👍7🔥5👏2💯1
Mijoz qaror qabul qilish formulasi:
• Ishonch + tushunarlilik + xavfsizlik = sotuv
• Og‘riq > Narx = xarid
• Risk kamayishi = sotuv oshishi

@scaleupuz
🔥12💯5