Hasankhoja Muhammad Sodiq – Telegram
Hasankhoja Muhammad Sodiq
6.12K subscribers
508 photos
390 videos
9 files
759 links
Ustoz. Rahbar. Ota.
17 yil ta’limda, 4 yil boshqaruvda, 12 yil tarbiyada.
Sinf, maktab va uy — real tajriba maydonim.
Ta’lim, boshqaruv, tarbiya haqida yozaman.
Kitoblar, xatolar, suhbatlar, real keyslar.

P.s. Professional xatokor.
Download Telegram
Shogirdim bilan suhbat xulosasi

Biror-bir aloqani og‘riqsiz va yengil yo‘l bilan uzmoqchi bo‘lsangiz aloqa qilayotgan kishingiz kiradigan barcha eshik va derazalarni yoping. Unga o‘g‘rincha nazar qilmang. Uni eshitmang. Uni o‘z hayotiga qo‘ying.

O‘zingiz esa o‘z hayotingizda davom eting. Bu ishga nisbatan xuddi mayyitga qilinadigan muomalani qiling.

O‘likning ustiga tuproq tortib ortga qaramasdan ketasiz-ku!

Uning barzaxdagi hayotini ko‘rish uchun har kuni kelmaysiz-ku!

Uni barzaxiga qo‘ying va o‘tib ketavering. Orqaga qarash kishiga yomon aziyat beradi!
❤‍🔥51🔥15👍12🤩3
BILLURLARGA HUSHYOR BO‘LING!

Nabiy sallallohu alayhi va sallam ayollari bilan hajga chiqdilar. Yo‘lning bir qismini bosib o‘tgach, karvonni boshqarishni Anjasha ismli g‘ulomlariga topshirdilar. Anjasha karvonni tez hayday boshladi. Shunda Nabiy sallallohu alayhi va sallam Anjashaga dedilar:
“Ey Anjasha! Billurlarga hushyor bo‘l!”

Hayot yo‘lida ham billurlarga hushyor bo‘ling.
Ba’zan ovoz ko‘tarilib ketar. Shunda to‘xtang. Sabr qiling. Chunki u ko‘p vaqt siz bilan muloyimlik bilan muomala qilib kelgan.

Uy ishlari ortda qolib ketsa, ayb qidirmang.
Idishlar yuvilmay qolishi mumkin.
Uy yig‘ishtirilmay qolishi mumkin.
Bolalar shovqin qilishi mumkin.
Bular muhabbatni o‘lchaydigan mezon emas.

Ovqat siz kutgandek chiqmasa, kayfiyatni buzmaydi.
Charchoq ba’zan so‘zlardan oldin keladi.
E’tibor yetishmasligi ba’zan norozilik bo‘lib ko‘rinadi.

Ba’zan u sukut qiladi.
Bu bepisandlik emas, holdan toyishdir.

Bir og‘iz yumshoq so‘z —
o‘n og‘iz e’tirozdan kuchliroq.

Farzandlar oldida ayolingizni kichraytirmang.
Uni himoya qilganingizda, farzandlaringiz oilani o‘rganadi.

Mayda narsalarni katta masalaga aylantirmang.
Dazmol qilinmagan ko‘ylak — muammo emas.
Vaqtida tayyor bo‘lmagan nonushta — falokat emas.
Unutilgan iltimos — muhabbat tugaganini anglatmaydi.

Billur sinmaydi deb o‘ylamang.
Uni asrash — kuch emas, fazilatdir.

Va esda tuting:
uydagi xotirjamlik — baland ovoz bilan emas, hakimlik bilan saqlanadi.
❤‍🔥52🔥20👍19
Safardan qaytgach, maktab direktorimiz bilan yig‘ilib qolgan masalalarni gaplashib oldik. Suhbat oxiriga kelib, direktorimiz shunday dedi:
“Agar bolalar tanaffusda hovlida qor bo‘ron o‘ynamoqchimiz desa, ruxsat bermang.”

Men esa ochiq aytdim.
“Ruxsat beraylik. Bolalar bir mazza qilib o‘ynab olishsin. Qor hozir g‘animat bo‘lib qoldi-ku,” dedim.

Direktorimiz xavotirlandi:
“Kasal bo‘lib qolishadi. Keyin ota-onalar bizga e’tiroz bildiradi.”

Shunda men shunday dedim:
Qor bolalar uyidan chiqmasidan oldin yog‘a boshlagan. Ular qalin kiyimda kelishgan. Qolaversa, toza havoda yugurib-o‘ynash foydali. Yaxshi xotira bo‘ladi, kayfiyatlari ko‘tariladi, biroz bo‘lsa ham telefonlardan uzilishadi. Tabiiy hayotga qaytishadi…

Axir ota-onalarimiz ham bolaligida shunaqa o‘ynagan. Hozir esa qor ham kam yog‘adi. Qo‘yib beraylik, bolalar bolaligini yashasin.

Uyga borgach, issiq murabboli choy ichishadi, oyoqlarini issiq suvga solishadi. Hammasi joyiga tushadi. Jiddiy asorati qolmaydi…

Faqat bir shart bilan
Qor bo‘ron o’ynash faqat tanaffusda bo‘lsin, dars paytida emas.

Direktorimiz baribir ehtiyotkorlikni ustun qo‘ydi. Shunda murosaga chaqirdim:
“O‘ynanglar deb buyurmaylik. Lekin o‘ynayman degan bolalarga ham to‘sqinlik qilmaylik. Albatta, nazorat ostida.”

Savol:
Bu vaziyatda qaysi yo‘l to‘g‘riroq?

P.s. Taklif qilishsa, men ham birga o’ynayman.
👍38❤‍🔥13🔥11
Dars o’tgan paytlarim darsni yarmida tugatib bolalar bilan mazza qilib qor o’ynagan kunlarimizni sog’inaman. Bu bir ajib tuyg’u. Uni ta’riflab bo’lmaydi. His qilish kerak… bolalar ko’zidagi quvonchni, samimiyatni…

Faqat bizda bir qoida bo’lar edi. Yigitlar qizlarga umuman qor otishi taqiqlanardi. Qizlarga esa hech qanday taqiq yo’q edi…
❤‍🔥61👍38🤩25🔥11🥰7
Suhbatdan

Dedi:
-Men o‘qiydigan va o‘zini ziyoli hisoblaydigan ayolga qiziqmayman.
Dedim:
- Nega?
Dedi:
- Chunki u faylasuf bo‘ladi, ko‘p janjal qiladi, itoat qilmaydi. Oddiy, o‘rtacha bilimli ayol men uchun yaxshi!
Dedim:
- Sen aslida ziyoli ayoldan emas, ziyoli ayol fosh qiladigan nuqson va kamchiliklaringdan qo‘rqasan!

Aql munosabatni buzmaydi, soxtalikni buzadi.
— Ziyoli ayol muammo emas, ko‘zgu.
— Ko‘zgu yoqmasa, ayb yuzda.

Savol:

Sen ayolning aqlidan qo‘rqyapsanmi
yoki u ochib beradigan haqiqatdan?
🔥67👍31❤‍🔥16🥰9🎉2🤩1
G'animat...

Bugun Maryamxon qizimni qo‘shimcha darsidan olib kelish uchun Zin Nur akademiyasiga bordim. Biroz vaqt bor edi. Kuzatishga, o‘ylashga imkon bo‘ldi.

E’tibor qildim: deyarli bolalarni olib ketishga faqat onalar kelgan. Keyingi soatlarda boshlanadigan darslarga ham bolalarni asosan onalar olib kelayapti. O‘ylab qoldim. Nega shunday? Balki otalarning vaqti yo‘qdir. Balki mashinada kutib turgandir. Balki bu bizda odatga aylangandir.

Bugun esa men ongli ravishda qizimni olib ketishga bordim. Sabablari ko‘p edi. Avvalo, ustoz bilan bir oz suhbatlashish. Qizim haqida fikrlarini eshitish. Uyda nimalarga ko‘proq e’tibor qilish kerakligini, kuchli va zaif tomonlarini bilish.

Ikkinchidan, bu damlar g‘animat. Ertaga farzandlarimiz katta bo‘lib qoladi. Ularning bolaligi bilan bog‘liq shirin xotiralar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, inson shu damlar uchun ataylab vaqt ajratishi kerak. Bir kun kelib ular bizsiz ham maktabga boradi, bizsiz ham ishini bitiradi. Bu vaqt baribir keladi. Shuning uchun hozirgi lahzalarni qadrlash kerak.

Ha, qizim meni ko‘rib xursand bo‘ldi.

Kursdan chiqib uyga qaytayotib magazinga tushdim. Qor yog‘ayotgan edi. Mashinaga o‘tirganimda ustimda qor parchalari qolgan ekan. Qizim buni ko‘rib, hech nima demay, darrov qo‘llari bilan ustimdagi qorlarni tozalay boshladi.

Nega buni yozyapman?

Agar shu holatni Instagramda sekinlashtirilgan kadrda, mos musiqa bilan ko‘rsangiz, albatta ta’sir qiladi. “Qani edi menda ham shunday lahza bo‘lsa edi”, deb havas qilasiz.

Aslida esa hayotimiz Instagramda havas qilinadigan kadrlar bilan to‘lib-toshgan. Ular bizning kundalik hayotimizning ichida. Faqat ularni ko‘ra olish uchun biroz farosat, biroz e’tibor kerak.

Boshqalarning hayotiga havas qilishdan ko‘ra, o‘zimiznikiga shukr qila boshlasak edi.
Buning uchun esa shunchaki hushyor bo‘lishimiz kifoya.

Bugun shuni yana bir bor his qildim.
Baxt — uzoqda emas. U kundalik hayotimizning ichida.
❤‍🔥70🔥21👍16
Bugungi bir kunim haqida

Ertalab qizimni qo‘shimcha darsidan olib keldim.
Katta o‘g‘lim bilan gaplashdik. Qishga oyoq kiyim oldik.
Kichkina o‘g‘limni bog‘chasidan oldim.
Uchchala farzandim ham xursand bo‘ldi.

Onam ro‘zg‘or uchun aytgan narsalarni ayolim bilan borib olib keldik.

Rahmatli tog‘amning ayollari (kenayim) bilan biroz suhbatlashdim.

Uyga ukam va ayoli mehmon bo‘lib kelishdi. Bir oz gaplashdik. Birga tushlik qildik.

Maktab ishi bilan ko‘chada bir uchrashuv bor edi, borib keldim.

Ustozim bilan 2–3 ta muhim masalani telefon orqali maslahat qildim.

Zakovatga bordim. Har shanbadagidek.

Do‘stlar bilan osh ustida suhbatlashdik.

Amerikadagi o‘quvchilarim bilan Zoom orqali 2 soat dars o'tdik,

Ikkinchi maktabdagi muammo bo‘yicha telefon orqali suhbat bo‘ldi.

Bir o‘quvchining otasi bilan ham telefonda gaplashdik.

Qamar do‘koni egasi (Jamoliddin aka) bilan ko‘rishib suhbatlashdik.

Kundalik vazifalar, virdlar, ishlar bajarildi.

Kanal uchun 2 ta post ham yozildi.

Oddiy kun.
Lekin barakali.
❤‍🔥84👍41🔥28
O’zimni ham o’ylantirib qo’ygan post

Tasavvur qiling.
Qarshingizda siz muvaffaqiyatli deb biladigan bir inson turibdi.

Undan muvaffaqiyatining sirini faqat bitta so‘z — bitta sifat bilan ifodalashini so‘raysiz.
Yoki undan vafotidan keyin odamlar uni qaysi bitta sifati bilan eslashini so‘raysiz.

Tabiiyki, u bir zum o‘ylanadi.
Va javob beradi.

Bu postni yozar ekanman, o‘zim ham chuqur o‘ylab qoldim. Bevosita saodat asridagilarni esladim. Bo‘lib ham yulduzlar ichidagi eng yorqinlariniroshidlarni:
1. Abu Bakr — sodiq edi.
2. Hazrat Umar — adolatli edi.
3. Hazrat Usmon — hayoli edi.
4. Hazrat Ali — ilmli edi.

Oxir-oqibat insondan qoladigan narsa
uning lavozimi ham emas,
erishgan boyligi ham emas,
hatto shov-shuvli muvaffaqiyati ham emas.

Odam ketadi.
Ammo bitta sifat qoladi.

Shu sifat odamlarning xotirasida seni tirik saqlaydi.

Shuning uchun bugun o‘zingdan so‘ra:
men nimada kuchliman emas, men nimada sodiqman,
nimada adolatliman,
nimada hayoliman,
nimada ilmga suyanaman?

Chunki qabrga yutuqlar emas, amal kiradi.

Qo‘lingizdagi siniq kompasga qarab yo‘l izlamang.
Yo‘lingizni yo‘lchi yulduzlar bilan toping.

Savol esa ochiq:
Sizni bir kun kelib qaysi bitta sifat bilan eslashadi?
🔥44❤‍🔥28👍12🥰3🤩1
Pastkashlik

1977-yilda qasddan odam o‘ldirish aybi bilan Rendall Adams qamoqqa olindi. Unga yigirma besh yil qamoq jazosi belgilandi.

Rendall Adams qamalganidan o‘n yil o‘tib rejissyor Errol Morris uning qissasidan xabardor bo‘lib qoldi.
U Rendallning aybsizligiga ishondi.
U haqda “Ingichka moviy chiziq” nomli film oldi.
Bu film Rendallning qamoqdan ozod qilinishiga sabab bo‘ldi.

Rendall qamoqdan chiqib rejissyorga minnatdorlik bildirish o‘rniga uni sudga berdi.
Sababi — rejissyor uning hayotini film qilib, undan foydalangan edi.
U rejissyordan bir million dollar undirib berilishini talab qildi.

Ular uzoq tortishishdi.
Oxir-oqibat film rejissyori film tushumining bir qismidan voz kechishga majbur bo‘ldi.
Ammo qancha pul berganini ochiq aytmadi.

Ba’zi insonlarning qonida pastkashlik sho‘r dengiz ichidagi tuzdan ham ko‘p.

Rendall Adams rejissyor qilgan yaxshilikning qadriga yetmadi. Aksincha, undan moddiy manfaat undirib olishni g‘animat bildi va pastkashlarcha qadam tashladi.

Ba’zi odamlar sirtdan ozod ko‘rinadi, ammo aslida ularning vijdoni panjara ortida.

Men ularga faqat achinaman.

Chunki ular bir marta emas,
qayta-qayta,
har bir imkon tug‘ilganda
o‘z tubanligini isbotlab yashaydi.
🔥46👍19❤‍🔥18🥰1🎉1🤩1
ADOLAT

Abul Hasan Andalusiy rohimahulloh o‘zining "Tarixi quzotil Andalus" kitobida keltiradi:
"Badrun as-Saqoliy bir kuni amirning huzuriga yig‘lab kirdi. U amirning eng suyukli xodimi edi. Amir undan so‘radi:
- Nega yig‘layapsan?
Badrun dedi:
- Ey amir! Qozi bilan oramizda bir ish bo‘lib qoldi. Bunaqasi hech bo‘lmagan edi. Yer yorilmadi yerga kirib ketsam!
Amir so‘radi:
- Nima bo‘ldi axir?
Badrun dedi:
- Bir ayol qozining oldiga borib menda haqqi borligini da’vo qilibdi. Qozi meni chaqirtirib muhrlangan maktub yubordi. Men unga:"Men amirning ishi bilan bandman. Ishim tugasa sizga maktub yozaman", deya javob xatini jo‘natdim. Ozgina vaqtdan so‘ng qozining mirshablari kelib meni qozining oldiga olib ketishdi. Qozi menga qattiq gapirdi:
- Nega men chaqirganimda kelmaysan?! Maktubimga e’tibor bermabsan?!
Men dedim:
- Men amirning yumushi bilan band edim!
Qozi dedi:
- Amirning yumushi qozilikdir! Ayolga haqqini ber. Yo‘qsa insonlar oldida seni darralayman!

Men pulni berishdan o‘zga chora topa olmadim. Meni shunday qilishlariga indamay qarab turaverasizmi? Axir mening xodimlaringiz ichidagi obro‘yimni bilasiz-ku!
Amir dedi:
- Ey Badrun! O‘zingni bos. Seni men yaxshi ko‘raman. Mendan nima hojating bo‘lsa so‘ra, ravo qilaman. Ammo qozining ishini emas! Biz bu eshikni yopganmiz. Biz bu eshikdan xodimlar uyoqda tursin, hatto farzandlarimizga, aka-ukalarimizga, amakivachchalarimizga ham javob qaytarmaymiz. Qozi o‘z ishini bilib qiladi. U bilib hukm chiqaradi!".

Biz mana shunaqangi adolat bilan bir necha asrlar dunyoga hukmronlik qilganmiz. Ilm va madaniyat mash’alasini ko‘targanmiz. Qozi amirning xodimi Badrunning amir oldidagi hurmat va obro‘sini bilar edi. Ammo qozi uchun haqdan buyugi yo‘q edi. Chunki qozining oldida hamma barobar bo‘lishi lozim. Amir ham xodimining qozining oldida turishidan xijolat bo‘lmadi. O‘zini tahqirlangan his qilmadi. Zero adolatni qoim qilish qozidan avval amirga vojibdir!

Dunyoviy davlat odil bo‘lsa-yu musulmon davlat zolim bo‘lsa, Alloh odil bo‘lgan o‘sha dunyoviy davlatga nusrat beradi. Kufrni xushlab islomni yomon ko‘rgani uchun emas, adolatni suyub, zulmni yomon ko‘rgani uchun!

Bugun g‘arbdan ortda qolganimizning ham sababi ana shu. Bizda ko‘p hollarda qonun bechoralarga ishlaydi.

Adolatni oldin o‘zimizdan izlamasdan turib, hokimlardan izlamasligimiz kerak. Shirkatimizda adolat qilayapmizmi, ishchilarimizga adolat qilayapmizmi, uyimizda oilamizga, xodimlarimizga adolat qilayapmizmi, do‘konimizda mijozlarga adolat qilayapmizmi, ko‘chalarda ko‘cha tozalovchilarga adolat qilayapmizmi....?

Adolat donga o‘xshaydi. Oldin ekiladi, so‘ngra hosili olinadi. Agar biz uni avvalo o‘zimizda, uyimizda va jamiyatimizda qoim qilsak, ana shunda xalqimizda adolat qoim bo‘ladi. Aks holda yo‘q narsani qidirib yurgan kishi singari bo‘lib qolaveramiz!
🔥30👍12❤‍🔥5
Manfaat

Shogirlar bilan kechagi suhbatdan…

2007-yilda AQShning Texas shtatida bir tadbirkor cherkov yonida aroq do‘koni ochmoqchi bo‘ladi.
Cherkov jamoasi bunga keskin e’tiroz bildiradi.
Ular har kecha aroq sotuvchiga qarshi ibodat qilib, duo qiladi.

Bir kuni tasodifan do‘kon yonib ketadi.
Cherkovdagilar buni Yaratganning duolarini qabul qilgani deb bilib, shukrona anjumani o‘tkazishadi.

Shundan so‘ng aroq sotuvchi cherkovni sudga beradi.
U duolar sabab do‘koni yonib ketganini aytib, ikki million dollar tovon talab qiladi.

Cherkov esa buni qat’iyan inkor qiladi:
ibodat va duo hayotga, voqealarga hech qanday ta’sir qilmaydi, deya bayonot beradi.

Sudya ishni ko‘rib chiqib shunday deydi:

“Bu ishga qanday hukm chiqarishni ham bilmay qoldim.
Chunki hujjatlarga qarab,
duoga ishonmaydigan cherkovni
va duoning kuchiga ishongan aroq sotuvchini ko‘ryapman.”

Ba’zan muammo e’tiqodda emas, manfaat boshlanganda e’tiqoddan voz kechishda bo‘ladi.

Til bilan aytilgan ishonch
birinchi manfaat sinovida sinadi.

Kim duoga ishongan,
kim esa faqat foydasi bor joygacha ishongan. shunda ayon bo‘ladi:
❤‍🔥33🔥23👍7
Uyga ishdan qaytayotib ayolimga qo‘ng‘iroq qildim.
Biror narsa kerakmi, deb so‘radim.

Uyga yetgunimcha ovqat tayyorlab turishini aytdi.

Yo‘lda qornim och edi.
Shu sabab meva do‘koniga kirdim.

Mandarin oldim.
Yoniga olma va nok ham qo‘shildi.

Keyin boshqa do‘kondan patir va qaymoq oldim.
Hammasidan bir chimdim yemoqchi edim.

Uyga kelib ovqatlandim.
To‘yib qoldim.

O‘sha olganlarimga teginmadim ham.

Nega buni yozyapman?

Chunki hayotimiz ham shunday.

Keragimizdan ortiq xohlaymiz.
Ehtiyojimizdan ko‘p g‘amlaymiz.

Ne’mat ichida yurib, yana tanlayveramiz.
Tanlov ko‘paygan sari nafs ham ortadi.

Safarda buni ko‘p his qilaman.
Shopping payti ayniqsa.

Kerak bo‘lmagan narsa sotib olinadi.
Uyga kelib esa ishlatilmay qoladi.

Shkaflar to‘la.
Qalb esa baribir qoniqmagan.

Dunyo hayoti ham shunday o‘tib ketmayaptimi?
Ortiqcha yuklar bilan.
Keraksiz istaklar bilan.

Balki to‘xtab, o‘ylash vaqti kelgandir.

Senga haqiqatan nima yetmayapti?
Yana nimani xohlayapsan?
Va nega?
🔥82❤‍🔥34👍28
“Soʻz soʻzlamoq uchun irfon kerak. Soʻzni anglamoq uchun inson kerak”

Fuzuliy.

Tadbirdan esdalik.
2024
Ustoz Husayn Buxoriy hofizahulloh
❤‍🔥68🔥25👍14
Forwarded from Qadriyatim
Ish qilib,
Ishq qilib,
Yuribmiz-da… Ishqilib.
🔥53❤‍🔥16🤩9🥰4
2026-yilga rejalarim…

1. Kamroq xato qilish
2. Eski xatolarni takrorlamaslik
3. Yangi xatolarni qilish…
❤‍🔥101🔥47🤩32👍23🎉1
Kishi o‘zidagi buyuk iqtidorni
arzimas maqsadlarga sarflasa — bu eng yomon isrofdir.

Isrof faqat mol-dunyoda bo‘lmaydi.
Eng og‘iri — aql, vaqt va iqtidorni isrof qilish. Chunki bundan ko’proq jamiyat ziyon ko’radi.

Isrofchilarni esa Xojasi yoqtirmaydi. (7:31)

Inson baland yaratilgan.
Shuning uchun uning yo‘li ham, maqsadi ham baland bo‘lishi kerak.
Sababi oddiy: Firdavs yuqorida, aksi esa pastlikda…
❤‍🔥43👍29🔥20
Tanlov qilish

Ilmiyotda The Paradox of Choice degan tushuncha bor.
Mazmuni oddiy.

- Tanlovlar ko‘paygani sari qaror qabul qilish qiyinlashadi.
- Qoniqish kamayadi.
- Pushaymonlik ortadi.

Bu psixologiyada keng o‘rganilgan.
Asosiy g‘oya shuki: tanlov erkinligi ma’lum chegaradan keyin foyda emas, zarar keltiradi.

Bu qanday ishlaydi

- Ko‘p variant → ko‘p solishtirish
- Ko‘p solishtirish → kognitiv yuk
- Kognitiv yuk → stress va pushaymon

Kundalik hayotdan misollar

- Do‘konda 50 xil poyabzal. Tanlash qiyin.
- Telegram’da 30 ta kanal. Hech biri muntazam o‘qilmaydi.
- Ta’limda 10 metod. Amalda hech biri chuqur emas.

Shu muammoni yengish uchun men tez-tez foydalanadigan, juda sodda usul bor.
Sizga ham foydasi tegishi mumkin.

Safarga chiqqanlarning deyarli barchasi shopping qiladi.
Tabiiy. Chunki ko‘plab brendlar bizda yo‘q.
Natijada ko‘p narsa olish istagi paydo bo‘ladi.

Shu payt bolalarga quyidagi usulni aytaman.

- O‘zingizga yoqqan barcha narsani savatchaga soling.
- Tanlab bo‘lgach, savatchaning ichidan yana tanlov qiling.
- O‘zingizga savol bering:
Agar faqat 3 ta mahsulotga pulim yetsa, qaysilarini olardim?
- Faqat shu 3 tasini tanlab oling.

Aynan shu tanlangan 3 ta narsa:

- sizga chindan yoqqan bo‘ladi
- sizga kerak bo‘lgan bo‘ladi
- eng to‘g‘ri tanlov bo‘ladi

Sababi siz ularni yoqqanlar ichidan yana bir bor ongli tanlov orqali ajratdingiz.

Bu usul — double thinking.
Ya’ni ikki bosqichli fikrlash.

- Birinchi bosqichda istaklar chiqadi.
- Ikkinchi bosqichda cheklov orqali ustuvorlik aniqlanadi.

Miya “majbur tanlov” holatida muhimini ajratishga majbur bo‘ladi.
Shu sabab u ko‘pincha to‘g‘riroq qarorga olib keladi.

Ilmiy jihatdan bu usul yaqin tushunchalar

- Choice overload
- Decision fatigue
- Satisficing vs Maximizing

Maximizer — eng zo‘rini izlaydi, ko‘p afsuslanadi.
Satisficer — yetarlisini tanlaydi, ko‘proq qoniqadi.

Bu usul faqat shoppingda emas.

Masalan.
Telegram’da ko‘plab bloglarga obunasiz.
Ammo kuniga faqat 3 tasini o‘qishga vaqtingiz bor.

Savol bering.
Agar faqat 3 blogni qoldirishga majbur bo‘lsam, qaysilarini tanlardim?

Qolganlarini o‘chirib tashlang.

Ta’limda ham shu qoida ishlaydi

- O‘quvchiga 10 topshiriq bermang.
- 3 ta yaxshi variant bering.
- Tanlashni o‘rgating, ko‘paytirishni emas.

Sizning vaqtingiz cheklangan.
Tanlov esa to‘g‘ri cheklanganda sifatni oshiradi.

O‘zingizga savol bering.

Sizda hozir qaysi sohada tanlovlar ortiqcha?
Agar faqat 3 tasini qoldirsangiz, qaysilarini tanlaysiz?
🔥31👍15🤩10
Ustozlarga eslatma

Tarbiyada eng kuchli vosita — muhabbat.
Muhabbatning asosi esa - tushunishga harakat qilish

Rasululloh ﷺ aytganlar:
“Mehr qilmagan kishiga mehr qilinmaydi.”

Shogird — sizga vaqtincha omonat qilib topshirilgan qalb.
U qalbni faqat ilm bilan emas, rahm bilan ham tarbiyalang.

- Xatosiga sabr qiling.
- Yiqilganda qo‘lidan tuting.
- Adashganda yuz o‘girmang.
- Yutug'idan foydalanmang
- Ishonch bering.

Shunda u sizni shunchaki ustoz emas, hayotida iz qoldirgan inson sifatida eslaydi. Duo qilinadigan inson sifatida eslaydi.

Qodia esa o’zgarmagan:
Agar shogirdingiz sizni otasidek ko‘rishini istasangiz, unga farzandingizdek munosabatda bo‘ling.
❤‍🔥53🔥21🥰8🤩8👍1
Instagramda obunachisi ko‘p bo‘lgan bir matematika ustozining videosi chiqdi.
Gaplariga qo‘shilmadim va shaxsiy xabar yozdim.
Bahs bo‘lmadi. Javob ham bo‘lmadi. Baraka topishsin “Blok” qilishibdi.

Shunda yana bir narsani aniq his qildim:
ijtimoiy tarmoqlarda katta auditoriya yig‘ish — ne’mat emas, sinov.

Bu sinovning kamida ikki xavfi bor:
1. Ko‘p gapirish.
Auditoriya ko‘paygani sayin, og‘iz ham bo‘shashadi.
Natijada xato gaplar ko‘payadi.

2. Riyo va kibr.
Layklar o‘sadi, ichki hisob esa yo‘qoladi.
Tanqid, e’tiroz yoki qarshi fikrni ko‘tara olmaslik — shundan boshlanadi.

Yozgan xatim quyida berilgan.

Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh.

Bir videoyingizni ko‘rib qoldim.
Bolalarga “life-hack” o‘rgatish haqida edi. Aniqrog‘i, imtihon jarayonida bolalarning bir-biriga yordam berishi masalasi ko‘tarilgan edi.

O‘zim ham ustoz bo‘lganim sabab, sizga birodarlik nasihati sifatida ushbu fikrlarni yozishga qaror qildim.

Avvalo, siz bolalarga shunchaki bilim emas, ilm berishingiz kerak.
Ilm esa — Allohdan qo‘rquv bilan boshlanadi.

Ikkinchidan, bolalarda “qanday bo‘lsa ham natijaga erishish — halolmi, harommi, farqi yo‘q” degan qarash shakllanmasligi kerak.
Ustoz sifatida siz ularning qalbiga shuni singdirishingiz lozim: natijaning o‘zi emas, unga qanday yo‘l bilan erishilgani muhim
🔥96❤‍🔥43👍35
O‘LCHOV

Siqilsam, sahobalar va ulug‘lar hayotini o‘qiyman.
Yengillashmayman.
Aksincha, ichim torayadi.
Siqilganimga siqilib qolaman..

Chunki anglayman:
men “musibat” deb atayotgan narsa —
aslida yengil imtihon.

Ilm har doim taskin bermaydi.
Ba’zan u oyna bo‘ladi.
O‘sha oynada o‘zingni ko‘rasan.

Sahobalar azobda sabr topdi, yo‘qotishlarda iymonni yo‘qotmadi.
Hammasining sababi bitta:
o‘lchov to‘g‘ri edi.

Biz esa komfort ichida ham ezilamiz.

Muammo dardda emas.
Muammo — uni qanday kattalashtirganimizda.

Dardni shikoyat davolamaydi.
Qochish ham emas.
Uni faqat bitta narsa davolaydi: to‘g‘ri o‘lchov.

O‘lchov noto‘g‘ri bo‘lsa,
eng yengil imtihon ham
musibat bo‘lib ko‘rinaveradi
👍46❤‍🔥19🔥3
— Bir voqeaga bir paytning o‘zida ham xursand, ham xafa bo‘lish mumkinmi?
— Ha.
— Masalan?
— To‘yxona binolarining maktabga aylantirilishi.
— Ya’ni?

Quvonaman:
ta’lim nihoyat ustuvor bo‘lib borayapti.
Jamiyat o‘zgaryapti. Davlat ham befarq emas.

Xafaman:
chunki ta’lim bo‘sh qolgan joyga sig‘diriladigan muammo emas.
Maktablar jamiyatning eng yaxshi joylariga loyiq.

Savol esa bitta:
biz ta’limni vaqtinchalik yechim bilan qutqaryapmizmi, yo bolalar uchun eng yaxshisini tanlayapmizmi?
🔥43👍21