Strategic Focus: Middle East and North Africa – Telegram
Strategic Focus: Middle East and North Africa
3.11K subscribers
863 photos
442 videos
17 files
773 links
Yaqin Sharq va Mag’ribdagi yangiliklarni bizda kuzating.

@stratfocusca - Markaziy Osiyo

@stratfocusatlantic - AQSh va Yevropa

@xorijiyoav - yetakchi nashrlar
Download Telegram
Strategic Focus: Central Asia
Yaqin Sharqda shia omili: hozirgi holat va asosiy tendensiyalar So‘nggi paytlarda ekspertlar Yaqin Sharqda muhim bir savolni faol muhokama qilmoqda: Eronning “qarshilik o‘qi” zaiflashganidan keyin mintaqada nima bo‘ladi va bu shia omilining tugashini anglatadimi?…
Davomi

Uchinchi, shialarning chetlatilish xavfi. Shialar dunyo musulmonlarining atigi 15–20 foizini tashkil qilsa ham, Yaqin Sharqda musulmon aholining qariyb yarmi shialardan iborat. Ular Eron, Iroq va Bahraynda ko‘pchilikni, Livanda esa eng yirik diniy jamoani tashkil etadi. Bugun shia qurolli guruhlarining harbiy imkoniyatlari zaiflashgan bo‘lsa-da, shialarning diniy va jamoaviy o‘zligi yo‘qolmagan. Bunga 2024 yil avgustida Karbalo shahriga 21 million ziyoratchi kelgani yaqqol dalildir. Agar shialar siyosiy hayotdan chetga surilsa yoki ularning manfaatlari e’tibordan chetda qolsa, ular yana o‘zini himoya qilish yo‘llarini izlaydi va bu jarayonda Eronni tabiiy tayanch sifatida ko‘rishi ehtimoli yuqori.

To‘rtinchi, AQSh va Fors ko‘rfazi davlatlarining yangi yondashuvi. Bugun ular Eron bilan bog‘liq proksi guruhlarni zaiflashtirishga intilmoqda, ammo ekspertlar bir narsani alohida ta’kidlamoqda: shialarni siyosiy va iqtisodiy hayotga qo‘shmasdan turib mintaqada barqarorlikni ta’minlab bo‘lmaydi. Masalan, Livanda muammo faqat Hizbullohni qurolsizlantirish bilan hal bo‘lmaydi. Agar shialar yashaydigan hududlar tiklanmasa, yangi ish o‘rinlari yaratilmasa va shialarga davlat boshqaruvida real siyosiy vakillik berilmasa, bo‘shliq paydo bo‘ladi. Bu bo‘shliq esa yana radikal kuchlar va tashqi ta’sir uchun imkoniyat ochib beradi.

Taxminlarga ko‘ra, “Qarshilik o‘qi” endi avvalgi holatida qaytmaydi. Ya’ni, Eron boshchiligidagi yagona va markazlashgan shia bloki qayta shakllanishi ehtimoli past. Biroq bu shia omili butunlay yo‘qoladi, degani emas. Aksincha, shialar bundan keyin har bir davlat doirasida, milliy siyosiy kuchlar shaklida o‘z rolini davom ettiradi. Agar yangi mintaqaviy tartibda shialarga o‘rin berilmasa va ularning siyosiy hamda ijtimoiy manfaatlari e’tibordan chetda qolsa, bunday chetlatilish yana Eronning ta’siri kuchayishiga va eski mexanizmlarning qaytishiga zamin yaratishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, “Qarshilik o‘qi”ning zaiflashuvi yakun emas, balki o‘tish davridir. Yaqin Sharqda barqarorlikka erishish shialarni kuch bilan bostirish yoki siyosatdan siqib chiqarish orqali emas, balki ularni teng huquqli siyosiy va iqtisodiy ishtirokchi sifatida qabul qilish orqali mumkin bo‘ladi. Aks holda, bugun ta’siri susaygandek ko‘rinayotgan Eron omili kelajakda yana qaytib, yanada murakkab va xavfli shaklga kirishi ehtimoli saqlanib qoladi.

Strategic Focus: Central Asia
👍5👎1
Isroil hukumati Z avlodiga yo‘naltirilgan kontent yaratish uchun Clock Tower X LLC mediakompaniyasi bilan 6 million dollarlik shartnoma imzoladi.

Asosiy e’tibor TikTok, Instagram, YouTube, podkastlar va boshqa raqamli platformalarga qaratiladi — materiallarning kamida 80 foizi aynan yosh auditoriya uchun mo‘ljallanadi.

Rejalarga ko‘ra, kompaniya yangi saytlar ishga tushirish va internet axborot muhitiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan materiallarni e’lon qilishni ham ko‘zda tutmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, sun’iy intellekt tizimlari, jumladan ChatGPT javoblariga ham ta’sir qilishi mumkin.

Loyiha sezgir mavzular atrofida muayyan kontekst shakllantirish va sun’iy intellektning axborotni talqin qilishi hamda taqdim etish uslubini Isroil pozitsiyasi foydasiga o‘zgartirishni maqsad qilgan.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
🤬15💩6👍3🤮1
Integratsiya yoki qaramlik: Markaziy Osiyo oldidagi eng og‘ir tanlov

Markaziy Osiyo bugun tarixiy burilish nuqtasida. Rossiya Maslahat uchrashuvlariga kirishni istayapti - ammo bu qaror mintaqaning mustaqilligi va kelajagini belgilab berishi mumkin. Kim bosim qilmoqda, kim qaror qabul qiladi va nega bu tanlov kamida 20 yilga ta’sir qiladi? Yangi tahliliy materialda - asosiy savollar va yashirin ma’nolar.

Batafsil:
https://news.1rj.ru/str/StratFocusCA/3449
👍42
Gaz, urush va siyosat: Misr–Isroil kelishuvi ortidagi aytilmagan haqiqat

Misr va Isroil o‘rtasida qiymati qariyb 35 milliard dollar bo‘lgan
gaz bitimining imzolanishi Misr hamda arab jamiyatida keskin va tanqidiy muhokamalarga sabab bo’ldi. G‘azodagi urush va gumanitar falokat fonida Isroil bilan har qanday iqtisodiy hamkorlik nihoyatda og‘riqli qabul qilinmoqda va u biznes emas, balki siyosiy signal sifatida talqin qilinmoqda. Aynan shu sharoitda Misr rasmiylari shoshilinch ravishda bu kelishuv “mutlaqo tijoriy bitim” ekanini va unda hech qanday siyosiy mazmun yo‘qligini ommaga e’lon qilishga majbur bo‘ldi.

Biroq bunday izohlarning o‘ziyoq siyosat bu kabi loyihalarga qanchalik chuqur singib ketganini ko‘rsatadi. “Bu shunchaki biznes” degan formula voqelikni tasvirlash uchun emas, balki jamoatchilik bosimi va obro‘ga doir xatarlarni kamaytirish vositasi sifatida qo‘llaniladi. Hozirgi sharoitda yirik energetik kelishuvlar deyarli hech qachon siyosatdan xoli bo‘lmaydi - ayniqsa, uzoq davom etayotgan mojaro holatidagi davlatlar haqida gap ketganda.

Isroil uchun esa bu bitim oddiy gaz eksportidan ancha kengroq ma’noga ega. Bosh vazir B.Netanyaxuning uni mamlakat tarixidagi eng yirik kelishuv deb atashi va davlat budjetiga sezilarli tushumlarni alohida qayd etishi bejiz emas. Bu yerda gaz nafaqat daromad manbai, balki urush, xalqaro bosim va mintaqaviy beqarorlik sharoitida davlat barqarorligini mustahkamlash vositasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Bu jarayonda AQSh ham muhim rol o‘ynamoqda. Amerikaning Chevron kompaniyasi ishtiroki va Donald Trampning bu bitimga qiziqishi shuni ko‘rsatadiki, AQSh tobora ko‘proq siyosiy masalalarni ochiq bayonotlar orqali emas, balki iqtisodiy loyihalar orqali hal qilishga harakat qilmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosiy aloqalar qiyinlashgan paytda aynan energetika tomonlar o‘rtasida muloqotni saqlab turish va minimal hamkorlikni davom ettirish kanali bo‘lib qolmoqda.

Misr esa o‘z navbatida nihoyatda pragmatik yo‘l tutmoqda. Isroilning G‘azodagi harakatlarini keskin tanqid qilgan va sulh bo‘yicha muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etayotgan Qohira bir vaqtning o‘zida energetik hamkorlikni ham rivojlantirmoqda, chunki bu uning mintaqaviy gaz xabi sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlaydi. Bu davlatlar siyosiy ritorika bilan iqtisodiy manfaatlarni bir-biridan ajratib, buni qarama-qarshilik deb hisoblamayotganining yaqqol namunasidir.

Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham bu voqea bevosita ahamiyatga ega. Bu holat hozirgi xalqaro munosabatlarda iqtisodiy loyihalar tobora ko‘proq diplomatiya o‘rnini bosayotganini ko‘rsatadi. Energetik o‘zaro bog‘liqlik siyosiy kelishmovchiliklar saqlanib qolgan taqdirda ham o’zaro aloqalarning keskinlashuv xavfini kamaytiradi. Shu sababli yirik infratuzilmaviy va energetik tashabbuslar nafaqat daromad manbai, balki xavfsizlik omiliga ham aylanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, siyosatdan xoli “toza iqtisodiyot” endi mavjud emas. Milliy manfaatlar, ko‘p vektorli siyosat va moslashuvchanlik foydasiga qilingan pragmatik tanlov mavjud, xolos. Markaziy Osiyo uchun bu iqtisodiy hamkorlik murakkab global siyosat sharoitida barqarorlikni saqlash va erkin harakat qilish uchun muhim vosita ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
5👍5😢3
Putin - Makron muzokaralari atrofidagi shov-shuv tasodifiy emas. Ekspertlar bu ochiqlik ortida Rossiyaning harbiy kuchidan ko‘ra muhimroq bo‘lgan omil - demografik tanqislik turganini aytmoqda. Aholi kamaymoqda, safarbarlik resursi qisqarmoqda va bu Moskvaning urush strategiyasini tubdan o‘zgartirmoqda. Yevropa buni anglayaptimi - va aynan shu sabab Parij diplomatiyani qayta ishga tushiryaptimi?

Batafsil: https://news.1rj.ru/str/stratfocusatlantic/1773
🇮🇱🇵🇸Isroil G‘arbiy Sohilda 19 ta yangi punktning qurilishini tasdiqladi

Ushbu qaror xalqaro tanqidlarni keltirib chiqarmoqda, sababi bu harakatlar ikki davlatli yechimning amalga oshirilishiga bo‘lgan urinishlarga qarshi hisoblanadi.


Strategic Focus: Central Asia - LIVE
🤬17
🇮🇱Isroil armiyasining radiosi yopiladi

Bugun, 23-dekabr kuni Isroil Vazirlar Mahkamasi mamlakatdagi mashhur milliy radiostansiyalardan biri – Armiya radiosi faoliyatini to‘xtatish uchun ovoz berdi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning o‘ng qanot koalitsiyasi tomonidan ilgari surilgan mazkur qaror tanqidchilar tomonidan demokratiyaga zarba sifatida baholanmoqda.

Strategic Focus: Central Asia - LIVE
👎3
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
🇮🇱🇬🇷Netanyaxu Isroil-Gretsiya-Kipr uch tomonlama diplomatik sammiti doirasida Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis bilan uchrashdi.

Strategic Focus: Central Asia - LIVE
🤬13💩4
AQSh siyosiy tizimi ko‘pincha yagona va monolit tuzilma sifatida tasavvur qilinadi. Biroq bunday yondashuv na Amerika elitasi ichidagi chuqur ziddiyatlarni, na mamlakatning strategik yo‘nalishlaridagi keskin burilishlarni to‘liq tushuntirib bera oladi. Amerikashunos tadqiqotchilar AQShdagi hokimiyatni mamlakat manfaatlarini turlicha talqin qiladigan va uni turli yo‘nalishlarga tortadigan bir nechta yirik elita guruhlari raqobati mahsuli sifatida tasvirlaydi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, Qo‘shma Shtatlar bitta emas, balki bir-biridan farq qiluvchi bir nechta “Amerika”lardan iborat murakkab tizimdir.

Birinchisi, Atlantika, ya’ni moliyaviy Amerika. Uning yadrosini bankirlar, investitsiya fondlari, Uoll-strit va dollar tizimining butun infratuzilmasi tashkil etadi. Nyu-York va London o‘rtasidagi tarixiy va institutsional bog‘liqlik aynan shu elitaning tabiatini belgilaydi. Bu guruh uchun davlatlar va hududlar ikkilamchi ahamiyatga ega; asosiy ustuvorlik moliyaviy oqimlar, kredit bozorlar, zaxira valyutalar va global tartibga solish qoidalaridir. Ularning tasavvurida AQSh tashqi siyosati - bu, eng avvalo, jahon moliyaviy arxitekturasini saqlab turish va boshqarish vositasi.

Ikkinchi yo‘nalish - Tinch okeani Amerikasi. U neft, harbiy-sanoat majmuasi, aerokosmik soha va AQShning Tinch okeanidagi harbiy-strategik mavjudligi bilan bog‘liq holda shakllangan. Koreya va Vetnam urushlari, Yaponiya, Janubiy Koreya va Guamdagi harbiy bazalar bu guruhning siyosiy vaznini keskin oshirdi. Bu elita “kovboy” tafakkuriga ega: kuchga tayanish, tez va keskin qarorlar, huquqiy va diplomatik nozikliklarga ikkilamchi munosabat. Shu bois bu muhitda harbiy kuch siyosatning asosiy vositasi sifatida ko‘riladi.

Uchinchi yo‘nalish - Janubiy Atlantika Amerikasi. Uning makoni Florida, Karib havzasi va Monro doktrinasi doirasidagi hududlardir. Bu - bank tizimidan tashqaridagi tezkor naqd pul aylanmalari, soya iqtisodi, kontrabanda va norasmiy moliyaviy sxemalar makoni. Shu bilan birga, aynan shu hududlarda sanoatdan tashqari, loyiha asosidagi moslashuvchan moliyaviy modellar va infratuzilmaviy tajribalar erta shakllangan. Mayami bu elitaning ramzi bo‘lib, shaffoflikdan ko‘ra tezlik va moslashuvchanlikni ustuvor qo‘yadigan iqtisodiy muhitni ifodalaydi.

To‘rtinchi yo‘nalish - industrial Amerika, bugun “zanglagan kamar” (Rust Belt) nomi bilan tanilgan hudud. Buyuk ko‘llardan O‘rta G‘arbga qadar cho‘zilgan bu makon Detroyt, Klivlend va sovuq urush davrida shakllangan sanoat-harbiy klasterlarni o‘z ichiga oladi. Og‘ir sanoat, mashinasozlik, aviatsiya va harbiy ishlab chiqarish uzoq vaqt AQSh qudratining asosi bo‘lib kelgan. Biroq globallashuv davrida aynan shu Amerika vakillari eng katta yo‘qotishlarga uchradilar: deindustrializatsiya shaharlarni, ishchi posyolkalarni va mahalliy ijtimoiy tuzilmalarni yemirdi, ishlab chiqarish esa moliyaviy jihatdan samarasiz deb topildi. Natijada elitalar moliya va loyiha iqtisodiyotiga o‘tdi, sanoat esa chetga surildi.

Aynan shu industrial muhit doirasida D.Tramp siyosiy jihatdan eng yaqin tayanchini topdi. Ushbu tasnifda u Atlantika moliyaviy elitasi yoki loyiha iqtisodiyotiga tayangan guruhlarning vakili emas, balki globallashuv jarayonida siyosiy vakilliksiz qolgan industrial Amerikaning manfaatlarini ifodalovchi figura sifatida namoyon bo‘ladi. Ishlab chiqarishni qaytarish, proteksionizm, bojlar va real sektorni qo‘llab-quvvatlash haqidagi ustuvorliklar aynan “zanglagan kamar” ehtiyojlaridan kelib chiqqan bo‘lib, Trampni mustaqil tizim yaratuvchidan ko‘ra, uzoq vaqt chetga surilgan sanoat guruhining siyosiy ifodachisi sifatida ko‘rsatadi.

Shu tariqa, AQSh ichidagi asosiy siyosiy va strategik qarama-qarshiliklar shaxslar yoki partiyalar o‘rtasidagi farq bilan emas, balki aynan shu to‘rt “Amerika”ning manfaatlari va kelajak haqidagi tasavvurlari to‘qnashuvi bilan belgilanadi.

Strategic Focus: Atlantic
3🔥2
Tehrondan kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, Eronning hukumat va ekspert doiralarida so‘nggi paytlarda tashqi siyosatni, ayniqsa uning mintaqaviy yo‘nalishini qayta ko‘rib chiqish masalasi faol muhokama qilinmoqda. Eronlik diplomatlar va jarayonga yaqin tahlilchilarning ta’kidlashicha, gap keskin burilish haqida emas, balki uzoq yillar davomida tashqi bosimga javob berish va doimiy qarama-qarshilikka asoslangan yondashuv mantiqini qayta baholash haqida bormoqda.

Kuchli tiyib turish va qudratni namoyish etishga asoslangan siyosat mamlakatni yopiq aylana ichiga solib qo‘ydi, deydi tahlilchilar. Ularga ko’ra, har qanday mudofaa qadami Eronni “tahdid” sifatida ko‘rish tasavvurini kuchaytirdi va yangi sanksiyalar hamda bosimlar uchun bahona bo‘lib xizmat qildi. Mutaxassislar fikricha, bunday yondashuv endi strategik foyda bermayapti va manevr imkoniyatlarini keskin toraytirmoqda.

Shu fonda ekspert muhokamalarida yangi mintaqaviy narrativ shakllanmoqda. Uning birinchi asosiy elementi - “kuchli Eron” g‘oyasidan “kuchli mintaqa” konsepsiyasiga o‘tishdir. Bu yerda xavfsizlik ustunlik va bosim orqali emas, balki muloqot, ishonchni mustahkamlovchi choralar va, avvalo, Fors qo‘ltig‘ida kollektiv mas’uliyat orqali ta’minlanishi lozimligi ta’kidlanmoqda.

Ikkinchi muhim siljish - yaqin qo‘shnilar bilan munosabatlarga ustuvorlik berish. Manbalarning qayd etishicha, aynan mintaqaviy barqarorlik va qo‘shnilar bilan aloqalarni yumshatish tashqi bosimni kamaytirishning harbiy yoki yadroviy vositalarga tayanishdan ko‘ra samaraliroq yo‘li sifatida ko‘rilmoqda.

Umuman olganda, Tehronda “qamaldagi qal’a” holatidan chiqish va diplomatik tashabbusni qayta qo‘lga olish zarurligi tobora ko‘proq tilga olinmoqda. Agar bu muhokamalar real siyosiy qarorlarga aylanadigan bo‘lsa, mintaqa keskinlikni kuchaytirishga emas, balki uni ongli va bosqichma-bosqich pasaytirishga intiladigan, manfaatlarga tayangan va muzokaraga tayyorroq Eron bilan yuzlashadi.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
3
AQShning Markaziy Osiyo strategiyasi qayta yozilmoqda: G20 ga taklif nimani anglatadi?

Donald Trampning O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari bilan o‘tkazgan telefon muloqotlari hamda Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo‘mart Toqayevni kelasi yili Mayamida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga mehmon sifatida taklif etishi tasodifiy diplomatik epizod emas, balki aniq siyosiy signal sifatida talqin etilishi lozim. Bu signal shundan dalolat beradiki, Markaziy Osiyo AQSh tashqi siyosati orbitasida alohida siyosiy vaznga ega mustaqil geosiyosiy va geoiqtisodiy subyekt sifatida ajratib ko‘rsatilmoqda.

Muhimi shundaki, Tramp bayonotida ikki tushuncha yonma-yon qo‘yilgan: “amaldagi mojarolarga tinchlik olib kelish” va “savdo hamda hamkorlikni kengaytirish”. Trampcha tashqi siyosat mantiqida bu shunchaki shior emas, balki amaliy yondashuvdir. AQSh bugun urushlarga bevosita tortilmagan, ammo mintaqaviy vaznga, tranzit salohiyatiga va siyosiy barqarorlikka ega sheriklarni izlamoqda. Qozog‘iston va O‘zbekiston aynan shunday kamyob aktorlar sifatida ko‘rilmoqda - turli kuch markazlari bilan muloqot qila oladigan, biroq o‘z subyektivligini yo‘qotmaydigan davlatlar.

G20 sammitiga “mehmon” maqomida taklif etish formati ham bejiz tanlanmagan. Bu Vashingtonga Ostona va Toshkentni global muhokamalarga jalb qilish imkonini beradi hamda ularni qattiq ittifoqchilik majburiyatlariga bog‘lab qo‘ymaydi. Bu AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan hozirgi strategiyasiga mos keladi: Rossiya va Xitoy bilan ochiq qarama-qarshilikka bormasdan, mintaqada iqtisodiy va siyosiy ishtirokni bosqichma-bosqich kuchaytirish.

Asosiy urg‘u - iqtisodiyot. Tramp ma’muriyati uchun tashqi siyosat savdo, investitsiya va ta’minot zanjirlari bilan bevosita bog‘liq. Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyo endi “uzoq mintaqa” emas, balki yangi geoiqtisodiy arxitekturaning muhim bo‘g‘ini sifatida qaralmoqda: Sharq va G‘arbni bog‘lovchi tranzit yo‘llar, energetika, muhim mineral resurslar va muqobil logistika marshrutlari. Mayamidagi sammit, avvalo, qadriyatlar haqida emas, balki o‘zaro manfaat va foyda haqida suhbat maydoni bo‘ladi.

Tinchlik mavzusining tilga olinishi ham alohida ramziy ahamiyatga ega. AQSh amalda O‘zbekiston va Qozog‘istonni mas’uliyatli, muvozanatli va mo‘tadil aktorlar sifatida tan olmoqda - vositachilikka da’vo qilmaydigan, ammo muloqot uchun platforma bo‘la oladigan barqarorlashtiruvchi kuchlar sifatida. Bu esa ularning xalqaro obro‘sini va boshqa yo‘nalishlardagi muzokara pozitsiyalarini kuchaytiradi.

Biroq bu taklif na avans, na kafolatdir. Bu vaqtinchalik ochilgan strategik imkoniyatlar oynasi bo‘lib, undan kim qanday foydalana olishi keyingi siyosiy va iqtisodiy qarorlar bilan belgilanadi. Vashington ochiqchasiga aytmoqda: hamkorlikning chuqurligi aniq takliflarga - infratuzilma loyihalari, savdo rejimlari va investitsiya sharoitlariga bog‘liq bo‘ladi. Shu ma’noda Qozog‘iston va O‘zbekiston AQSh bilan muloqotni “iltimos qiluvchi tomon” sifatida emas, balki foydali va pragmatik hamkor sifatida qurish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Aslida esa biz AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan yondashuvi tubdan qayta formatlashuviga guvoh bo‘lyapmiz: bu endi bosim, shart qo‘yish yoki bloklarga majburan tortish emas, balki mintaqani iqtisodiy manfaat, siyosiy maqom va global qaror qabul qilish maydonlariga bosqichma-bosqich integratsiya qilish strategiyasidir. G20 sammitiga taklif esa bu burilishning yakuni emas, balki jarayon boshlanganini ochiq va oshkora ko‘rsatib bergan ilk signal, xolos.

Strategic Focus: Central Asia
👍6👏1
Vashington, Anqara va G‘azo: Yaqin Sharqda bir vaqtning o‘zida ikki diplomatik o‘yin

Isroil siyosiy va harbiy doiralari o‘t ochishni to‘xtatish chizig‘ini G‘azo bilan yangi rasmiy chegara sifatida belgilash imkoniyatini muhokama qilmoqda. Mahalliy manbalarga ko‘ra, B.Netanyahu dekabr oxirida Vashingtonga borganda, bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashni AQShdan so‘ramoqchi.

Agar taklif qilinayotgan “Sariq chiziq” asosida chegara chizilsa, G’azo sektori hududi ikki barobar qisqaradi. Natijada Beit Hanun, Beit Lahiya, Xon Yunus va Rafah shahrining katta qismi Isroil nazoratiga o‘tishi mumkin. Bu esa mojaroni gumanitar va siyosiy jihatdan yanada keskinlashtiradi.

Shu bilan birga, mintaqaviy diplomatiya ham faollashmoqda. Turkiya tashqi ishlar vaziri H.Fidan Anqarada HAMAS muzokarachilari bilan uchrashib, tinchlik rejasining ikkinchi bosqichiga o‘tish, Falastin siyosiy jarayonlari va G‘arbiy Sohildagi vaziyatni muhokama qildi.

Hozirgi jarayonlar shuni ko‘rsatadiki, G‘azo atrofidagi mojaro faqat harbiy emas, balki chegaralarni qayta belgilash va diplomatik savdolashuv bosqichiga kirib bormoqda. Bu esa yaqin istiqbolda mintaqada barqarorlikdan ko‘ra siyosiy noaniqlik kuchayishini anglatadi.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
🔥5👍1
Vashingtondan kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, B.Netanyaxu D.Trampni Eronga qarshi kuch ishlatish ssenariysiga siyosiy “yashil chiroq” berishga ko‘ndirishga urinmoqda va buning uchun go‘yoki “qayta tiklanayotgan raketa tahdidi” kartasini o‘ynayapti. Aslida esa gap Yaqin Sharqda yangi eskalatsiyaga AQShni tortish haqida bormoqda.

Isroilning dalillari Eronda raketa salohiyati shoshilinch ravishda tiklanayotgani haqidagi da’volarga asoslanmoqda. Qizig’i, hatto AQSh razvedkasi ham Tehron tomonidan yaqinlashib kelayotgan zarba alomatlarini qayd etmayapti. Bundan tashqari, Eron rasmiylari raketa sinovlari haqidagi xabarlarni ochiqchasiga rad etib, o‘z harbiy harakatlarining mudofaa xarakteriga ega ekanini ta’kidlamoqda.

Amalda Isroil yana tanish sxema bo‘yicha harakat qilmoqda: avval bosim, keyin provokatsion bayonotlar, undan so‘ng esa “oldindan o‘zini himoyalash” bahonasi ostida kuch ishlatishni qonuniylashtirishga urinish. Aynan Isroilning mintaqadagi doimiy zarbalari, tahdidlari va namoyishkorona militarizatsiyasi Eronni mudofaa imkoniyatlarini mustahkamlashga majbur qilmoqda. Tehronda bu tanlov sifatida emas, balki Isroilning tajovuzkor siyosatiga majburiy javob sifatida qabul qilinmoqda.

Shuningdek, Eronda katta urushga ijtimoiy talab yo‘qligi ham muhim. Iqtisodiy qiyinchiliklar, ijtimoiy muammolar va sanksiyalar bosimi Eron rahbariyati uchun ustuvor vazifa sifatida barqarorlik va diplomatik manevrni ilgari surmoqda, konfrontatsiyani emas. Bu jihatdan Eron Isroil rahbariyatidan farq qiladi - Isroil hukumatiga tashqi tahdid tobora ko‘proq ichki siyosiy konsolidatsiya va siyosiy inqirozlardan chalg‘ish vositasi sifatida kerak bo‘lib bormoqda.

Manbalarga ko‘ra, Tramp skeptik pozitsiyani saqlab qolmoqda: uning nazarida Eron - “yopiq masala”, yangi urush esa AQShni navbatdagi cho‘ziluvchan mojaroga tortishni istamaydigan pragmatik yetakchi imijiga putur yetkazishi mumkin. Bu Netanyaxuning nega asabiy harakat qilayotganini tushuntiradi: u xavfni juda shoshilinch va yaqin qilib ko‘rsatishga urinmoqda. Buning uchun esa ko‘pincha aniq faktlarga tayanmay, razvedka ma’lumotlarini siyosiy talqinlar bilan almashtiryapti.

Xulosa qilib aytganda, quyidagi manzara shakllanmoqda: Eron ehtiyotkorlik va to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvdan qochishga intilayotgan bir paytda, Isroil mintaqani izchil ravishda beqarorlikning yangi bosqichiga itarmoqda va eskalatsiya mantiqini Vashingtonga singdirishga harakat qilmoqda. Agar bugun vaziyatni ataylab keskinlashtirayotgan tomon bo‘lsa, bu Tehron emas, balki Tel-Avivdir. Aynan Isroil rahbariyati uchun tinchlik ssenariysi tobora kamroq manfaatli bo‘lib bormoqda.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
👍5🔥42
Eron valyuta inqirozi: iqtisodiy muammo siyosiy inqirozga aylanmoqda

Eronda valyuta inqirozi eng beqaror bosqichga kirdi: Tehron bozorida 1 AQSh dollari 1,34 mln rialdan oshdi. Oddiy devalvatsiya sifatida boshlangan jarayon endi hokimiyat ichidagi ochiq to‘qnashuvga aylandi.

Sud hokimiyati rahbari G‘ulom Husayn Mohseni Eron Markaziy bankini bozorni nazorat qila olmaslikda va inflyatsiyaning kuchayishiga yo‘l qo‘yganlikda aybladi. Mizan nashri (adliya tizimiga qarashli) ma’lumotiga ko‘ra, iqtisodiy sabotajda gumon qilinayotgan 250 dan ortiq shaxs 6 000 dan ziyod bank hisob raqamidan pullarni yuvish va kapitalni chetga chiqarish uchun foydalangan. Bu holatlar moliyaviy regulyatorlar e’tiboridan chetda qolgan. Natijada valyuta tushumlari mamlakatga qaytmagan. Sud bozorni barqarorlashtirish vazifasini Davlat inspeksiyasiga topshirdi.

Bosim parlamentdan ham kuchaymoqda. Spiker Muhammad Boqir G‘olibof hukumat rialning qulashi va narxlar o‘sishini to‘xtatmasa, vazirlarga impichment qo‘llash mumkinligini aytdi. Konservatorlar aybni islohotchilarga yuklamoqda, islohotchilar esa muammolarni marhum prezident Ibrohim Raisiy davridan qolgan meros deya baholamoqda.

Raqamlar inqiroz chuqurligini ko‘rsatadi: 1) neftdan tashqari daromadlar $32 mlrddan $27 mlrdga tushdi; 2) neft va gaz kondensati eksportidan tushgan $24 mlrdning faqat $15 mlrdi mamlakatga qaytdi; 3) Isroil bilan 12 kunlik urushdan keyin Markaziy bankdan olingan qo‘shimcha mablag‘lar inflyatsiyani yanada tezlashtirdi.

Oddiy odamlar uchun oqibatlar og‘ir. Yillik inflyatsiya 50 foizga yaqinlashgani sharoitida narxlar dinamikasi kunlik rejimga o‘tib, eng avvalo oziq-ovqat, uy-joy va kommunal xizmatlar segmentida keskinlashmoqda. Real daromadlar inflyatsiya sur’atidan sezilarli darajada ortda qolmoqda: rasmiy o‘rtacha ish haqi 130 mln rialdan (100 dollardan kam) oshmaydi, holbuki 1 gramm oltin 140 mln rial atrofida baholanmoqda. Bu holat ish haqi endi nafaqat jamg‘arma shakllantirish, balki mavjud kapitalni saqlab qolish funksiyasini ham bajara olmayotganini ko‘rsatadi. Natijada odamlar dollar, oltin va kriptovalyutaga qochmoqda, kambag‘allik, norasmiy mehnat, mayda jinoyatchilik va migratsiya kuchaymoqda.

Iqtisodchilar muammo ildizi chuqur ekanini aytmoqda: AQSh va BMT sanksiyalari, doimiy budjet taqchilligi va pul bosish, korrupsiya, chalkash valyuta siyosati, Markaziy bank mustaqilligining zaifligi va biznes ishonchining yo‘qligi. Aybdor izlash esa tizimli islohotlar zaruratini yashirmoqda.

Xulosa qilib aytganda, rial inqirozi endi faqat iqtisodiy emas, bu davlat institutlariga ishonch inqirozi. Inflyatsiya va turmush darajasining pasayishi Eron uchun har doim ijtimoiy norozilik xavfini oshirgan. Bugungi holat Islom Respublikasi iqtisodiy va siyosiy modelining chegaralarini tobora ochiq ko‘rsatmoqda.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
👎21👍1🔥1
🇮🇷🇮🇶Eron Iroqqa gaz yetkazib berishni to‘liq to‘xtatdi

Iroq elektr energetikasi vazirligi seshanba kuni Eron gaz ta’minoti to‘liq to‘xtaganini ma’lum qilgan. Bu mamlakatning milliy elektr tarmog‘idan 4,000–4,500 megavatt quvvatni olib tashlashga va ta’minot soatlarining qisqarishiga olib kelgan.

Tehron Bag‘dodga “favqulodda sharoitlar” sabab ta’minot to‘xtatilganini ma’lum qilgan, ammo qo‘shimcha tafsilot bermagan.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
So‘nggi paytlarda ekspertlar Fors ko‘rfazining ikki yetakchi monarxiyasi - Saudiya Arabistoni va BAA o‘rtasidagi yashirin raqobat keskinlashayotganini tobora ko‘proq muhokama qilmoqda. Rasmiy jihatdan ittifoqchilar bo‘lsa-da, amalda ular mintaqaviy mojarolarda tobora ko‘proq qarama-qarshi pozitsiyalarda chiqmoqda. Yaman bugun ushbu raqobat yangi bosqichga chiqqan asosiy maydonga aylandi.

Xususan, BAA qo‘llab-quvvatlayotgan Janubiy O‘tish Kengashi (STC)ning so‘nggi harbiy yurishi vaziyatda keskin burilish yasadi. Yamaning eng yirik va resurslarga boy hududi bo‘lgan, Saudiya Arabistoni bilan chegaradosh Hadramavt ustidan nazorat o‘rnatilishi nafaqat mamlakat janubidagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirdi, balki Ar-Riyod pozitsiyalariga bevosita zarba berdi. Saudiya yillar davomida Yaman yagona davlat sifatida saqlanib qolishi va xalqaro tan olingan hukumatni qo‘llab-quvvatlashga sarmoya kiritgan edi - endi bu strategiya jiddiy bosim ostida qoldi.

STC rasmiy jihatdan xalqaro tan olingan hokimiyat tizimining bir qismi bo‘lsa-da, amalda avtonom o‘yinchi sifatida harakat qilmoqda. U Saudiya bilan aloqador kuchlarni siqib chiqarmoqda, neft infratuzilmasini bloklamoqda va Adandan tortib Bob ul-Mandab bo‘g‘oziga tutash hududlargacha bo‘lgan qirg‘oqbo‘yi mintaqalarida mustahkamlanmoqda.

Ikki tomon o‘rtasidagi asosiy farq shundaki, biri mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga intilsa, ikkinchisi ta’sir doiralari va real nazoratni kengaytirishni ustuvor maqsad qilib qo‘ymoqda:

Saudiya Arabistoni Yaman mojarosidan minimal yo‘qotishlar bilan chiqishni istaydi - chegaralarni mustahkamlash, husiylar hujumlarini to‘xtatish va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon (MBS) boshlab bergan ichki islohotlarga (Vision 2030) e’tibor qaratish. Ar-Riyod uchun murosa va hech bo‘lmaganda boshqariladigan davlat tizimi muhim.

BAA esa aksincha, parchalanish va o‘ziga sodiq proksi-kuchlarga tayanuvchi modelni afzal ko‘rmoqda. Abu-Dabi nigohida Yaman janubi portlar va orollar orqali Qizil dengiz hamda Adan qo‘ltig‘idagi muhim dengiz yo‘llari ustidan strategik nazoratni qo‘lga kiritish maydoni bo‘lib, bu yondashuv Muhammad bin Zoid (MBZ) yuritayotgan umumiy mintaqaviy strategiya bilan to‘liq uyg‘unlashadi.

Shu sababli STCni qo‘llab-quvvatlash, Sokotra va Bob ul-Mandab yaqinidagi orollarda infratuzilmani rivojlantirish hamda iqtisodiy-harbiy ta’sir kamarini shakllantirishga urinish kuzatilmoqda.

Aytish kerakki, Yaman - raqobatning faqat bitta fronti. Saudiya - BAA o‘rtasidagi kelishmovchiliklar allaqachon quyidagi yo‘nalishlarda namoyon bo‘lgan: 1) Sudanda - tomonlar qarama-qarshi lagerlarni qo‘llab-quvvatlamoqda; 2) OPEC+ doirasida - Abu-Dabi neft qazib olishni oshirish tarafdori bo‘lgan paytda, Ar-Riyod qat’iy cheklovlarni yoqlagan; 3) iqtisodiyot va texnologiyalar sohasida - har ikki davlat Yaqin Sharqning yetakchi investitsiya va sun’iy intellekt markaziga aylanish uchun raqobat qilmoqda.

Bu fonda STCning oldinga siljishi amalda Yaman bo‘yicha tinchlik jarayonini muzlatmoqda, shimolda husiylar pozitsiyalarini kuchaytirmoqda va xalqaro dengiz qatnovi uchun xatarlarni oshirmoqda. Paradoks shundaki, BAAning janubdagi taktik yutuqlari strategik jihatdan anti-Eron lagerini zaiflashtirmoqda, chunki husiylarga qarshi koalitsiyani ichidan bo‘lib yubormoqda.

Taxminlarga ko’ra, Saudiya Arabistoni va BAA o‘rtasida ochiq uzilish bo‘lmaydi, chunki bunday to‘qnashuv narxi juda yuqori. Ammo “mukammal ittifoq” davri ortda qoldi. Yaman tobora aniqroq tarzda boshqariladigan raqobat maydoniga aylanmoqda, bunda har ikki tomon qizil chiziqlardan oshib ketmasdan, o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashga urinadi.

Asosiy xavf shundaki, Yaman amalda bo‘linib ketishi mumkin, bu esa Qizil dengizda uzoq davom etadigan beqarorlikni yuzaga keltirib, Fors ko‘rfazi monarxiyalari o‘rtasidagi raqobatni yanada kuchaytiradi. Shu bois Yaman janubi endi chekka hudud emas, balki yangi mintaqaviy geosiyosatning muhim markaziga aylanib bormoqda.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
5🤔1
Saudiya Arabistoni Yaman havo hududini BAA aviatsiyasi uchun yopdi va har qanday amirlik samolyoti yoki vertolyotini urib tushirishini ma’lum qildi.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
Somalilend, Isroil va Turkiya manfaatlari

Isroil bosh vaziri B.Netanyaxuning Somalilendni rasman tan olishi oddiy ikki tomonlama qadam emas, balki kengroq geosiyosiy ahamiyatga ega qaror bo‘ldi. So‘nggi 30 yildan ortiq vaqt davomida tan olinmagan hududni ilk bor Yaqin Sharqdagi muhim davlat tan oldi. Bu qaror Afrika shoxi kabi strategik mintaqadagi kuchlar muvozanatini o‘zgartiradi va darhol Turkiyaning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.

26-dekabr kuni Isroil va Somaliland o‘zaro tan olish bo‘yicha qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Netanyaxu qishloq xo‘jaligi, texnologiya, sog‘liqni saqlash va iqtisodiyot sohalarida hamkorlikni keskin kengaytirish rejalari borligini bildirdi. Shuningdek, u AQSh prezidenti D.Trampni Somalilendning Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilish istagi haqida xabardor qilishini aytdi. Somalilend prezidenti Abdurahmon Muhammad Abdullahiy bu yo‘nalishga tayyor ekanini tasdiqlab, Isroil qarorini Somalilendning “barqaror davlatliligi” e’tirofi sifatida baholadi.

Nima uchun bu muhim?

Somalilend 1991-yildan buyon amalda mustaqil boshqaruvga ega bo‘lsa-da, hozirgacha rasmiy xalqaro tan olinmagan edi. Shunga qaramay, u allaqachon mintaqaviy va global aloqalar tizimiga kirib ulgurgan: 1) Efiopiya, AQSh va BAA bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan; 2) yuqori martabali harbiy delegatsiyalarni, jumladan AFRICOM rahbarini qabul qilgan; 3) BAA investitsiyalari uchun muhim nuqtaga aylangan - Berbera portini DP World boshqaradi, ayrim manbalarga ko‘ra, hududda BAAning harbiy bazasi ham mavjud.

Geografiya bu qarorning ahamiyatini yanada oshiradi: Afrika shoxi Qizil dengiz va Bob ul-Mandab bo‘g‘oziga yaqin bo‘lib, u orqali dunyo konteyner yuklarining qariyb 30 foizi o‘tadi. Bu hudud ustidan ta’sir - dengiz xavfsizligi, logistika va energetika uchun kalit hisoblanadi.

Nega Turkiya buni chaqiriq sifatida qabul qildi?

Anqara reaksiyasi tez va keskin bo‘ldi. Turkiya TIV Isroil qarorini “noqonuniy” deb atab, Somalining hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi. Turkiya uchun bu oddiy diplomatik masala emas: Somali - uning Afrikadagi strategiyasining tayanch nuqtasi bo‘lib, u yerda: a) Turkiyaning eng yirik xorijdagi harbiy bazasi joylashgan; b) xavfsizlik kuchlari faol tayyorlanadi va qurollantiriladi; d) energetika hamkorligi kengaymoqda va Somali qirg‘oqlarida burg‘ulash ishlari rejalashtirilgan.

Shu fonda Isroilning Somalilendni tan olishi Turkiya tomonidan o‘z manfaatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba va mintaqani Anqarasiz qayta shakllantirishga urinish sifatida qabul qilinmoqda.

Kengroq kontekst

Isroil uchun bu Sahroi Kabirdan janubdagi davlatlar bilan aloqalarni kengaytirish va Qizil dengizdagi dengiz yo‘llarida o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash strategiyasining bir qismi. Somalilend uchun - diplomatik izolyatsiyani yorib o‘tish. Turkiya uchun esa bu signal: Afrika shoxi Yaqin Sharq va global kuchlar o‘rtasidagi yashirin raqobatning yangi maydoniga aylanmoqda. Bu raqobatda Isroil, BAA, Turkiya va AQSh manfaatlari tobora ko‘proq kesishmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Somalilendning tan olinishi - faqat bitta tan olinmagan hudud maqomi haqidagi masala emas. Bu Yaqin Sharq siyosati, Afrika geosiyosati va muhim dengiz yo‘llari ustidan nazorat uchun kurash tutashgan nuqtadir.
Afrika shoxi tobora shunday makonga aylanmoqdaki, bu yerda har bir diplomatik qadam darhol harbiy, iqtisodiy va strategik o‘lcham kasb etadi - va yangi qarama-qarshilik chiziqlari endigina shakllanmoqda.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
5🙏1
Yamandagi Janubiy O‘tish Kengashi (STC) Saudiya Arabistonini Hadramavtda o‘z kuchlariga qarshi havo zarbalari berganlikda aybladi.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
Koalitsiya ichidagi bo’linish: Yamanda “do‘stlar urushi” boshlanyaptimi?

STCning Saudiya Arabistoni Hadramavtdagi pozitsiyalariga havo zarbalari bergani haqidagi yangi ayblovlari vaziyat ochiq keskinlashuv bosqichiga o‘tayotganini ko‘rsatdi. Agar ma’lumotlar tasdiqlansa, bu Ar-Riyodning ilgari husiylarga qarshi kurashda ittifoqchi hisoblangan kuchga bergan ilk zarbalari bo‘ladi.

Qo‘shimcha xavotirli signal sifatida Saudiya Arabistoni go‘yoki Yaman havo hududini BAA aviatsiyasi uchun yopgani va har qanday amirlik samolyoti yoki vertolyotini urib tushirish bilan tahdid qilgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Hatto ogohlantirish shaklida bo‘lsa ham, bu alyans ichidagi koordinatsiya jiddiy izdan chiqqanini, Yaman esa qattiq kuch orqali savdolashuv maydoniga aylanib borayotganini anglatadi.

STC nimaga intilmoqda?

Bugun STC strategiyasi aniq. Kengash Janubiy Yaman de-fakto mustaqilligini mustahkamlash, mamlakat kelajagi bo‘yicha ehtimoliy muzokaralargacha o‘zining iqtisodiy va harbiy tayanchini yaratishni ko‘zlamoqda. Hadramavt (Yaman neft zaxiralarining qariyb 80% joylashgan hudud) va qirg‘oqbo‘yi ustidan nazorat - STCni fraksiya sifatida emas, balki mustaqil siyosiy-harbiy subyekt sifatida tan oldirishga qaratilgan urinishdir.

Mintaqaviy reaksiya

Arab monarxiyalari tashqi tomondan keskin bayonot bermayapti, lekin ularning pozitsiyasi vaziyat uchun muhim. Ummon deeskalatsiyaga chaqirmoqda va yana vositachi bo‘lishga tayyorligini bildiryapti. Maskat uchun chegaralar yaqinida portlashga yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda muhim. Qatar va Bahrayn ham Ar-Riyod, ham Abu-Dabi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlab, Ko‘rfaz mamlakatlari o‘rtasidagi rasmiy birlikni saqlashga urinmoqda. BAA pozitsiyasi esa muvozanatli qolmoqda. Abu-Dabi Saudiya Arabistoni bilan ochiq qarama-qarshilikka bormayapti, biroq STCdan ham uzoqlashmay, amalda unga avtonomiyani kengaytirish yo‘lini davom ettirish imkonini bermoqda.

Geosiyosiy oqibatlar

Bo‘layotgan voqealar asosiy xulosani tasdiqlaydi: Yaman mojarosi endi faqat husiylarga qarshi urush emas, balki tobora anti-husiy koalitsiyaning o‘z ichidagi inqirozga aylanmoqda. STCning taktik yutuqlari va bilvosita BAA omili Ar-Riyod pozitsiyalarini strategik jihatdan zaiflashtirmoqda, husiylar bilan muzokaralarni murakkablashtiradi va mamlakatning amalda parchalanib ketish xavfini kuchaytiradi.

Strategic Focus: Central Asia