Strategic Focus: Middle East and North Africa – Telegram
Strategic Focus: Middle East and North Africa
3.03K subscribers
834 photos
430 videos
17 files
731 links
Yaqin Sharq va Mag’ribdagi yangiliklarni bizda kuzating.

@stratfocusca - Markaziy Osiyo

@stratfocusatlantic - AQSh va Yevropa

@xorijiyoav - yetakchi nashrlar
Download Telegram
Yaqin Sharqda mas’uliyat kimning zimmasida?

Doha Forum 2025 doirasida bitta asosiy savol yana kun tartibiga olib chiqdi: mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlik uchun aslida kim javobgar bo‘lishi kerak? Uzoq vaqt davomida bu mas’uliyat asosan tashqi kuchlar - avvalo AQSh zimmasida deb qaralgan. Biroq bugungi vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, bu yondashuv asta-sekin o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda.

Ekspertlar avvallari mintaqa davlatlari xavfsizlik masalalarida katta davlatlarga suyanishga o‘rganib qolganini qayd etdilar. AQSh harbiy mavjudligi, siyosiy bosimi va diplomatik vositachiligi Yaqin Sharqdagi ko‘plab muvozanatlarni ushlab turgan. Ammo so‘nggi yillarda Vashingtonning mintaqaga bo‘lgan e’tibori kamayib, uning siyosati ko‘proq beqaror va oldindan aytib bo‘lmas holga keldi. Bu esa mintaqa davlatlarini yangi haqiqat bilan yuzma-yuz qoldirdi, deydi tahlilchilar.

Isroil va Eron o‘rtasidagi ochiq qarama-qarshilik, G‘azodagi urush, Suriyadagi beqarorlik, Yamandagi davom etayotgan inqiroz hamda Qatarga qilingan hujumlar bitta oddiy haqiqatni ko‘rsatdi: tashqi xavfsizlik kafolatlari har doim ham ishlamaydi. Hatto kuchli ittifoqlar ham mintaqa davlatlarini barcha xavflardan to‘liq himoya qila olmaydi.

Shu sababli Yaqin Sharq davlatlari asta-sekin o‘z xavfsizligi haqida mustaqilroq o‘ylashga majbur bo‘lmoqda. Bugun Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Turkiya, Misr va boshqa asosiy aktorlar muloqot, vositachilik va kelishuvlar orqali mojarolarni yumshatishga urinmoqda. Qatarning vositachilikdagi faol roli, mintaqaviy muloqot formatlarining ko‘payishi aynan shu jarayonning natijasidir.

Bu jarayon AQShdan yoki G‘arbdan butunlay voz kechish degani emas. AQSh hamon muhim o‘yinchi bo‘lib qolmoqda - ayniqsa Isroil, G‘azo va Eron bilan bog‘liq masalalarda. Farq shundaki, endi AQSh yagona tayanch emas. U mintaqadagi ko‘plab sheriklardan biri sifatida qaralayapti, qarorlar esa tobora ko‘proq vaziyatga va aniq manfaatlarga asoslanmoqda.

Eng katta muammo shundaki, mintaqaning o‘zida yagona yondashuv hali shakllanmagan. Eron, Isroil, Turkiya va arab davlatlari o‘rtasidagi raqobat umumiy kelishuvlarga to‘sqinlik qilmoqda, deydi ekspertlar. Har bir davlat o‘z xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘yadi, bu esa ko‘pincha umumiy barqarorlik hisobiga bo‘lmoqda.

Shunday bo‘lsa-da, bugungi holatni burilish nuqtasi deb atash mumkin. Yaqin Sharq davlatlari asta-sekin shuni anglab yetyaptiki, tashqi kuchlar har doim ham kelib muammolarni hal qilib bermaydi. Barqarorlik ko‘proq mintaqaning o‘z ichida, muloqot va kelishuvlar orqali shakllanadi.

Xulosa qilib aytganda, bugun Yaqin Sharqda mas’uliyat birgina davlat yoki tashqi kuch zimmasida emas. U bir vaqtning o‘zida ham mintaqa davlatlari, ham tashqi sheriklar o‘rtasida taqsimlanmoqda. Eng muhim savol esa shunday: mintaqa davlatlari bu mas’uliyatni birgalikda ko‘tara oladimi yoki har kim faqat o‘z manfaatini o‘ylashda davom etadimi? Ana shu savol Yaqin Sharqning yaqin kelajagini belgilab beradi.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
👍1🤔1
Isroil va kuch orqali ustunlikning chegaralari: strategik yutuqlar va uzoq muddatli xavflar

So‘nggi ikki yil davomida Isroil olib borgan harbiy kampaniyalar Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatini sezilarli darajada o‘zgartirdi. “Qarshilik o‘qi” infratuzilmasiga berilgan zarbalar, HAMAS va “Hizbulloh”ning zaiflashuvi, shuningdek, Eronga nisbatan kuchli bosim qisqa muddatli strategik ustunlik taassurotini yaratdi. Biroq Doha Forumidagi munozaralar shuni ko‘rsatdiki, harbiy ustunlik har doim ham barqaror xavfsizlikni ta’minlamaydi.

Forum doirasida qayta-qayta ta’kidlanganidek, Isroil uchun asosiy muammo siyosiy istiqbolning yo‘qligidir. Harbiy amaliyotlar raqiblarning imkoniyatlarini cheklashi mumkin, ammo ayni paytda mintaqadagi keskinlikni kuchaytiradi, jamoatchilikni radikallashtiradi va hatto Isroilning an’anaviy hamkorlari orasida ham ishonchni susaytiradi. Ayniqsa, Fors ko‘rfazi davlatlari hududida amalga oshirilgan zarbalar suverenitetga tajovuz sifatida qabul qilinib, mintaqada “o‘yin qoidalari” o‘zgarganini anglatdi.

Shuningdek, doimiy kuch ishlatishga asoslangan strategiya tahdidlarni bartaraf etishdan ko‘ra, ularni yanada murakkab va tarqoq holga keltirishi mumkinligi ta’kidlandi. Eronning proksi tuzilmalari jiddiy zarar ko‘rgan bo‘lsa-da, Tehron yangi sharoitlarga moslashib, yanada asimmetrik yoki bilvosita ta’sir usullarini qo‘llash ehtimoli saqlanib qolmoqda. Bu esa uzoq muddatda nazoratdan chiqadigan eskalatsiya xavfini oshiradi.

Natijada, Doha Forumidagi muhokamalar Isroilni muhim tanlov oldida turganini ko‘rsatdi: harbiy yutuqlarni siyosiy kelishuvlar va mintaqaviy barqarorlashtirish mexanizmlariga aylantirish yoki kuch orqali ustunlikni doimiy beqarorlik manbaiga aylantirib qo‘yish. Shu ma’noda, Isroilning bugungi strategiyasi nafaqat harbiy samaradorlik, balki uning siyosiy va diplomatik natijalari bilan ham baholanishi lozim.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
👍2🤔1
Turkiya, Fors ko‘rfazi va Suriyadagi yangi raqobat

Assad rejimining qulashidan so‘ng Suriya Yaqin Sharqdagi mintaqaviy kuchlar o‘rtasidagi yangi raqobat markaziga aylandi. Doha Forum 2025 doirasidagi muhokamalar shuni ko‘rsatdiki, Suriya endi faqat urushdan keyingi tiklanish masalasi emas, balki butun mintaqaning kelajak xavfsizlik muvozanatini belgilovchi muhim hudud sifatida qaralmoqda.

Forumda ta’kidlanganidek, Turkiya Suriyada, avvalo, xavfsizlik masalalariga ustuvor e’tibor qaratmoqda. Anqara chegaralarni nazorat qilish, kurd qurolli tuzilmalarining ta’sirini cheklash va o‘z xavfsizlik manfaatlarini himoyalashni asosiy vazifa deb biladi. Shu bilan birga, Turkiya harbiy ishtirokni siyosiy ta’sir bilan uyg‘unlashtirishga harakat qilmoqda.

Fors ko‘rfazi davlatlari esa Suriyaga nisbatan boshqa yondashuvni ilgari surmoqda. Ularning asosiy e’tibori iqtisodiy tiklanish, infratuzilmani qayta qurish va Suriyani mintaqaviy siyosiy-iqtisodiy tuzilmalarga bosqichma-bosqich qayta integratsiya qilishga qaratilgan. Doha Forumidagi munozaralarda bu yo‘l Suriyada barqarorlikni mustahkamlashning nisbatan kam xavfli usuli sifatida tilga olindi.

Biroq ushbu ikki yondashuv o‘rtasida yashirin raqobat mavjud. Gap ochiq to‘qnashuvda emas, balki hozirgi Suriyada “o‘yin qoidalari”ni kim belgilashi masalasida ketmoqda. Qaysi model ustuvor bo‘lishi - xavfsizlikka asoslanganmi yoki iqtisodiy integratsiyaga tayanganmi - hali aniq emas.

Shu bilan birga, Doha Forumidagi muhokamalar shuni ham ko‘rsatdiki, na Turkiya, na Fors ko‘rfazi davlatlari Eronni mintaqaviy jarayonlardan butunlay chetlatishga intilmoqda. Bu esa Suriyadagi vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Natijada, xavfsizlik, iqtisodiyot va siyosiy jarayonlar bir-biridan mustaqil rivojlanayotgan ko‘p qatlamli ta’sir modeli shakllanmoqda.

Forum ishtirokchilari asosiy xavf sifatida umumiy strategiyaning yo‘qligini qayd etdi. Agar mintaqaviy aktorlar o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtira olmasa, Suriya rasmiy jihatdan bir butun bo‘lib qolgan taqdirda ham, amalda parchalangan holatga tushib qolishi mumkin.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
1
Yevropa chetda qolmoqda: nega YI va Buyuk Britaniya Yaqin Sharqdagi ta’sirini yo‘qotmoqda

Doha Forum 2025 davomida ko‘plab ishtirokchilar Yevropaning mintaqadagi sust ishtirokiga e’tibor qaratdi. AQSh o‘z rolini qayta ko‘rib chiqayotgan bir paytda, Yevropa Yaqin Sharqda faol siyosiy tashabbus ko‘rsata olmayotgani forumdagi muhokamalarda ochiq tan olindi. Bu holat Yevropa mintaqadagi jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini tobora boy berayotganini ko‘rsatmoqda.

Forum doirasida ta’kidlanganidek, bu holatning sabablari bir martalik emas, balki tizimli xarakterga ega. Avvalo, Yevropa so‘nggi yillarda Yaqin Sharqdagi harbiy va xavfsizlik imkoniyatlarini keskin qisqartirdi. Natijada YI va uning yetakchi davlatlari mintaqadagi xavfsizlik muammolariga bevosita ta’sir o‘tkazish qudratini yo‘qota boshladi.

Bundan tashqari, G‘azo, Isroil va Eron masalalarida Yevropa ichidagi kelishmovchiliklar Yevropani yagona va ishonchli aktor sifatida ko‘rsatmayapti. Doha Forumidagi bahslarda Yevropa ko‘pincha muammolarni hal qiluvchi emas, balki kuzatuvchi yoki moliyaviy yordam beruvchi tomon sifatida tilga olindi.

Shu bilan birga, forum ishtirokchilari Yevropaga bo‘lgan ehtiyoj butunlay yo‘qolmaganini ham qayd etdi. Biroq bu ehtiyoj endi boshqa shaklda namoyon bo‘lmoqda. Mintaqa davlatlari Yevropadan o‘git yoki tanqid emas, balki teng asosdagi hamkorlik, amaliy tajriba va aniq sohalarda ko‘mak kutmoqda. Xususan, barqarorlashtirish, qurolsizlantirish va jamiyatga qayta moslashtirish jarayonlari, kiberxavfsizlik hamda institutsional qurilish sohalarida Yevropa tajribasi hali ham muhim hisoblanadi.

Buyuk Britaniya masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilar ekan, forum doirasida uning diplomatik tajribasi va mintaqa bilan tarixiy aloqalari hali ham muhim resurs ekanligi ta’kidlandi. Biroq bu imkoniyatlar faqat faol va tashabbuskor siyosat olib borilgandagina samara berishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, Doha Forumidagi munozaralar Yevropa uchun ogohlantiruvchi signal bo‘ldi. Agar YI va Buyuk Britaniya Yaqin Sharqda faqat moliyaviy yordam beruvchi, ammo siyosiy ta’sirsiz aktor sifatida qolib ketsa, ularning mintaqadagi roli yanada cheklanishi mumkin. Shu bois Yevropa uchun asosiy savol - mintaqa bilan munosabatlarni qayta jonlantirishga tayyormi yoki chetda qolishni davom ettiradimi - ochiq qolmoqda.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
3
O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha yondashuvi Doha Forumida qo‘llab-quvvatlandi

Doha Forum 2025 doirasida O’zbekiston sha’feligida maxus sessiya tashkil etildi. SMTI direktori - O’zbekiston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi birinchi o’rinbosari Eldor Aripov va Prezidentning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Markaziy va Janubiy Osiyoda barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha davlatimizning yondashuvlarini taqdim etdilar. Mazkur sessiyada ilgari surilgan asosiy tezislar Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlardan chetlatmasdan, balki uni iqtisodiy va transport bog‘liqligiga faol jalb etish zarurligiga qaratildi.

O‘zbekiston vakillari Termiz muloqotini faqat ekspertlar uchrashuvi emas, balki Afg‘onistonga nisbatan xalqaro yondashuvni o‘zgartirishga xizmat qiluvchi strategik konsepsiya sifatida taqdim etdilar. Barqarorlikka bosim va izolyatsiya orqali emas, balki rivojlanish, ish o‘rinlari yaratish, savdo yo‘laklari, ta’lim va gumanitar aloqalarni kengaytirish orqali erishish mumkin, qaydi etdi ekspertlar.

Mamlakatimiz vakillari Termiz muloqotining asosida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatidagi muhim tamoyil yotganini qayd etdilar: xavfsizlik rivojlanishdan boshlanadi. Shu nuqtayi nazardan, Afg‘onistonda iqtisodiy hayotni tiklash butun Markaziy va Janubiy Osiyo xavfsizligi uchun hal qiluvchi omil sifatida ko‘rsatildi.

Forumda O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan yana bir muhim tezis - Afg‘onistonni mintaqaviy bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida ko‘rish zarurligi bo‘ldi. Termiz muloqoti doirasida Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyoni yagona makon sifatida rivojlantirish, transport va savdo yo‘laklarini kengaytirish, ta’lim va energetika loyihalarini uyg‘unlashtirish istiqbollari ilgari surildi.

O’zbekiston yondashuvi forumdagi boshqa ishtirokchilar tomonidan ijobiy baholandi. Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Abdul Hay Kanit O‘zbekistonning xavfsizlik masalalarini siyosiylashtirmagan holda, iqtisodiy hamkorlikka urg‘u berayotganini konstruktiv va amaliy yondashuv sifatida qayd etdi. Uning fikricha, aynan shunday yondashuv savdo, tranzit va odamlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Qatar Tashqi ishlar vazirining maxsus vakili Faysal bin Abdulloh al-Xanzab ham O‘zbekiston tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, Termiz muloqotini Afg‘oniston bilan xalqaro hamjamiyat o‘rtasidagi aloqalarni saqlab qoluvchi muhim mexanizm sifatida baholadi. Doha Forumidagi chiqishlarda ushbu platforma mintaqalararo integratsiyani mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

Jorjtaun universiteti professori Valid Ziyod esa O‘zbekiston pozitsiyasini Afg‘onistonga nisbatan eskirgan geosiyosiy qarashlardan voz kechish namunasi sifatida baholadi. Uning fikricha, Afg‘onistonni faqat xavf manbai sifatida ko‘rish emas, balki uni madaniy, iqtisodiy va intellektual bog‘liqlik markazi sifatida qayta kashf etish mintaqa barqarorligining muhim sharti hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, Doha Forumidagi muhokamalar O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan Termiz muloqoti tezislari xalqaro maydonda ijobiy qabul qilinayotganini ko‘rsatdi. Ishtirokchilar ushbu tashabbusni mintaqaviy mas’uliyat, amaliy hamkorlik va uzoq muddatli barqarorlikka yo‘naltirilgan muhim platforma sifatida baholadilar.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
👍3
Yaqin Sharqda shia omili

Isroil va AQSh zarbalari, Hizbulloh zaiflashuvi va Asad rejimining qulashi fonida ko‘pchilik Eronning “Qarshilik o‘qi” yakuniga yetdi, deb hisoblamoqda. Ammo real jarayonlar bundan ancha murakkab. Yangi tahliliy postda shia siyosatining qanday qilib transmilliy loyihadan milliy formatga o‘tayotgani, avlodlar almashinuvi, shialarning chetlatilish xavfi va AQSh hamda Fors ko‘rfazi davlatlarining yangi yondashuvi oddiy va tushunarli tilda tahlil qilinadi.

Batafsil: https://news.1rj.ru/str/StratFocusCA/3420
Venesuela inqirozi: bosim strategiyasimi yoki urush yoqasidagi o‘yinmi?

Venesuela atrofidagi vaziyat tobora murakkablashmoqda: harbiy ritorika kuchaymoqda, tashqi aktorlar faollashmoqda, ammo AQShning aniq harakat rejasi hanuz noaniq. Yangi tahliliy postda Venesuela inqirozining nega “muzlatilgan, ammo barqaror bo‘lmagan” holatga kirib qolgani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy aralashuv nima uchun ehtimoli pastligi va nega bilvosita qarama-qarshilik ssenariysi ustuvor bo‘lib qolayotgani oddiy va tushunarli tilda tahlil qilinadi.

Asosiy savol: AQSh Venesuela bilan ochiq harbiy to‘qnashuvga chindan ham tayyormi yoki bu faqat kuch namoyishimi?

Batafsil: https://news.1rj.ru/str/stratfocusatlantic/1765
2
Quyidagi so’rovnomada faol ishtirok etishingizni so’raymiz!

https://news.1rj.ru/str/StratFocusCA/3401
Yaqin Sharqda shia omili: hozirgi holat va asosiy tendensiyalar

So‘nggi paytlarda ekspertlar Yaqin Sharqda muhim bir savolni faol muhokama qilmoqda: Eronning “qarshilik o‘qi” zaiflashganidan keyin mintaqada nima bo‘ladi va bu shia omilining tugashini anglatadimi? Isroil va AQShning Eron hududiga bergan zarbalari, G‘azo, Livan va Suriyadagi Eron ittifoqchilarining tor-mor etilishi hamda Asad rejimining qulashi fonida ko‘pchilik Eronning mintaqaviy ta’siri sindi, degan xulosaga kelmoqda. Ammo bu qarash soddalashtirilgan bo‘lib, real jarayonlarni to‘liq aks ettirmaydi.

Aslida “Qarshilik o‘qi” faqat qurolli guruhlar majmuasi emas edi. U 2003-yilda AQSh Iroqqa bostirib kirganidan so‘ng shakllangan shialarning transmilliy siyosiy va mafkuraviy tarmog’i edi. O‘sha paytda Eron yuzaga kelgan bo‘shliqlardan foydalanib, Eron - Iroq - Suriya - Livan - Yaman yo‘nalishida ta’sir zonasini barpo qildi. 2014-yilga kelib tahlilchilar Eron amalda to‘rtta arab poytaxtiga - Bag‘dod, Bayrut, Damashq va Sanoga ta’sir o‘tkazayotganini ochiq ayta boshladi. Bu davr “Qarshilik o‘qi”ning eng kuchli bosqichi bo‘ldi.

Biroq 2019-yilda IShIDning mag‘lubiyati ushbu tizimning yemirilishini boshlab berdi. Shia yoshlarining ommaviy safarbarligi keskin kamaydi, yirik diniy ulamolar - avvalo iroqlik buyuk ulamo Oyatulloh Ali as-Sistoniy shia o’ziga xosligining militarizatsiyasidan voz kechdilar, qurolli guruhlar esa korrupsiya va zo‘ravonlik sabab jamiyat ko‘zida obro‘sini yo‘qotdi. Bu siyosiy raqamlarda ham yaqqol ko‘rindi: 2018-yilda Iroqda eronparast kuchlar parlamentda 48 o‘ringa ega bo‘lgan bo‘lsa, 2021-yilda atigi 17 o‘rin oldi. 2020-yilda Qosim Sulaymoniy va Abu Mahdi al-Muhandisning yo‘q qilinishi “Qarshilik o‘qi” uchun ramziy zarba bo‘ldi.

2023-yil 7-oktyabrdan keyingi voqealar esa bu jarayonni tezlashtirdi. XAMASning Isroilga hujumi dastlab butun “O‘q”ning kuchini ko‘rsatgandek tuyuldi, ammo amalda uning ichki bo‘linib ketganini ochib berdi. 2024-yil noyabrida Isroil Hizbullohni jiddiy zararsizlantirdi, ko‘plab qo‘mondonlar, jumladan Hasan Nasrulloh yo‘q qilindi, minglab jangchilar safdan chiqdi. Oradan ko‘p o‘tmay Suriyada Asad rejimi qulab tushdi. 2025-yil iyunida AQSh va Isroilning Eronga bergan bevosita zarbalariga esa shia proksilar javob qaytarmadi. Bu muhim signal edi: Eron endi transmilliy shia safarbarligiga emas, ichki millatchilikka tayanmoqda.

Ekspertlar bu fonda bir nechta asosiy trendlarni ajratib ko‘rsatmoqda.

Birinchi, shia siyosati endi bitta markazdan boshqariladigan umumiy diniy g‘oyaga tayanmayapti. Ilgari shia guruhlari o‘zlarini Eron boshchiligidagi yagona “qarshilik lageri”ning bir qismi deb ko‘rgan bo‘lsa, hozir ular har biri o‘z davlati ichidagi manfaatlar, muammolar va siyosiy realiyalarga moslashmoqda. Ya’ni shia harakati asta-sekin mintaqaviy diniy loyiha bo‘lishdan chiqib, Iroq, Livan yoki Eron doirasidagi milliy siyosiy kuchlar shakliga o‘tmoqda.

Ikkinchi, avlodlar almashinuvi. Shia siyosati va diniy hayotini uzoq yillar boshqarib kelgan asosiy shaxslar asta-sekin sahnadan ketmoqda. Bugun Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy 86 yoshda, shialar orasida katta obro‘ga ega bo‘lgan iroqlik diniy yetakchi Ali as-Sistoniy esa 95 yoshda. Bu shuni anglatadiki, yaqin kelajakda shia dunyosida yangi yetakchilar paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, shialar uchun diniy ta’sir markazi Eron emas, balki Iroqdagi Najaf shahri bo‘lishi ehtimoli tobora kuchayib bormoqda.

Strategic Focus: Central Asia
Strategic Focus: Central Asia
Yaqin Sharqda shia omili: hozirgi holat va asosiy tendensiyalar So‘nggi paytlarda ekspertlar Yaqin Sharqda muhim bir savolni faol muhokama qilmoqda: Eronning “qarshilik o‘qi” zaiflashganidan keyin mintaqada nima bo‘ladi va bu shia omilining tugashini anglatadimi?…
Davomi

Uchinchi, shialarning chetlatilish xavfi. Shialar dunyo musulmonlarining atigi 15–20 foizini tashkil qilsa ham, Yaqin Sharqda musulmon aholining qariyb yarmi shialardan iborat. Ular Eron, Iroq va Bahraynda ko‘pchilikni, Livanda esa eng yirik diniy jamoani tashkil etadi. Bugun shia qurolli guruhlarining harbiy imkoniyatlari zaiflashgan bo‘lsa-da, shialarning diniy va jamoaviy o‘zligi yo‘qolmagan. Bunga 2024 yil avgustida Karbalo shahriga 21 million ziyoratchi kelgani yaqqol dalildir. Agar shialar siyosiy hayotdan chetga surilsa yoki ularning manfaatlari e’tibordan chetda qolsa, ular yana o‘zini himoya qilish yo‘llarini izlaydi va bu jarayonda Eronni tabiiy tayanch sifatida ko‘rishi ehtimoli yuqori.

To‘rtinchi, AQSh va Fors ko‘rfazi davlatlarining yangi yondashuvi. Bugun ular Eron bilan bog‘liq proksi guruhlarni zaiflashtirishga intilmoqda, ammo ekspertlar bir narsani alohida ta’kidlamoqda: shialarni siyosiy va iqtisodiy hayotga qo‘shmasdan turib mintaqada barqarorlikni ta’minlab bo‘lmaydi. Masalan, Livanda muammo faqat Hizbullohni qurolsizlantirish bilan hal bo‘lmaydi. Agar shialar yashaydigan hududlar tiklanmasa, yangi ish o‘rinlari yaratilmasa va shialarga davlat boshqaruvida real siyosiy vakillik berilmasa, bo‘shliq paydo bo‘ladi. Bu bo‘shliq esa yana radikal kuchlar va tashqi ta’sir uchun imkoniyat ochib beradi.

Taxminlarga ko‘ra, “Qarshilik o‘qi” endi avvalgi holatida qaytmaydi. Ya’ni, Eron boshchiligidagi yagona va markazlashgan shia bloki qayta shakllanishi ehtimoli past. Biroq bu shia omili butunlay yo‘qoladi, degani emas. Aksincha, shialar bundan keyin har bir davlat doirasida, milliy siyosiy kuchlar shaklida o‘z rolini davom ettiradi. Agar yangi mintaqaviy tartibda shialarga o‘rin berilmasa va ularning siyosiy hamda ijtimoiy manfaatlari e’tibordan chetda qolsa, bunday chetlatilish yana Eronning ta’siri kuchayishiga va eski mexanizmlarning qaytishiga zamin yaratishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, “Qarshilik o‘qi”ning zaiflashuvi yakun emas, balki o‘tish davridir. Yaqin Sharqda barqarorlikka erishish shialarni kuch bilan bostirish yoki siyosatdan siqib chiqarish orqali emas, balki ularni teng huquqli siyosiy va iqtisodiy ishtirokchi sifatida qabul qilish orqali mumkin bo‘ladi. Aks holda, bugun ta’siri susaygandek ko‘rinayotgan Eron omili kelajakda yana qaytib, yanada murakkab va xavfli shaklga kirishi ehtimoli saqlanib qoladi.

Strategic Focus: Central Asia
👍5👎1
Isroil hukumati Z avlodiga yo‘naltirilgan kontent yaratish uchun Clock Tower X LLC mediakompaniyasi bilan 6 million dollarlik shartnoma imzoladi.

Asosiy e’tibor TikTok, Instagram, YouTube, podkastlar va boshqa raqamli platformalarga qaratiladi — materiallarning kamida 80 foizi aynan yosh auditoriya uchun mo‘ljallanadi.

Rejalarga ko‘ra, kompaniya yangi saytlar ishga tushirish va internet axborot muhitiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan materiallarni e’lon qilishni ham ko‘zda tutmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, sun’iy intellekt tizimlari, jumladan ChatGPT javoblariga ham ta’sir qilishi mumkin.

Loyiha sezgir mavzular atrofida muayyan kontekst shakllantirish va sun’iy intellektning axborotni talqin qilishi hamda taqdim etish uslubini Isroil pozitsiyasi foydasiga o‘zgartirishni maqsad qilgan.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
🤬15💩6👍2🤮1
Integratsiya yoki qaramlik: Markaziy Osiyo oldidagi eng og‘ir tanlov

Markaziy Osiyo bugun tarixiy burilish nuqtasida. Rossiya Maslahat uchrashuvlariga kirishni istayapti - ammo bu qaror mintaqaning mustaqilligi va kelajagini belgilab berishi mumkin. Kim bosim qilmoqda, kim qaror qabul qiladi va nega bu tanlov kamida 20 yilga ta’sir qiladi? Yangi tahliliy materialda - asosiy savollar va yashirin ma’nolar.

Batafsil:
https://news.1rj.ru/str/StratFocusCA/3449
👍42
Gaz, urush va siyosat: Misr–Isroil kelishuvi ortidagi aytilmagan haqiqat

Misr va Isroil o‘rtasida qiymati qariyb 35 milliard dollar bo‘lgan
gaz bitimining imzolanishi Misr hamda arab jamiyatida keskin va tanqidiy muhokamalarga sabab bo’ldi. G‘azodagi urush va gumanitar falokat fonida Isroil bilan har qanday iqtisodiy hamkorlik nihoyatda og‘riqli qabul qilinmoqda va u biznes emas, balki siyosiy signal sifatida talqin qilinmoqda. Aynan shu sharoitda Misr rasmiylari shoshilinch ravishda bu kelishuv “mutlaqo tijoriy bitim” ekanini va unda hech qanday siyosiy mazmun yo‘qligini ommaga e’lon qilishga majbur bo‘ldi.

Biroq bunday izohlarning o‘ziyoq siyosat bu kabi loyihalarga qanchalik chuqur singib ketganini ko‘rsatadi. “Bu shunchaki biznes” degan formula voqelikni tasvirlash uchun emas, balki jamoatchilik bosimi va obro‘ga doir xatarlarni kamaytirish vositasi sifatida qo‘llaniladi. Hozirgi sharoitda yirik energetik kelishuvlar deyarli hech qachon siyosatdan xoli bo‘lmaydi - ayniqsa, uzoq davom etayotgan mojaro holatidagi davlatlar haqida gap ketganda.

Isroil uchun esa bu bitim oddiy gaz eksportidan ancha kengroq ma’noga ega. Bosh vazir B.Netanyaxuning uni mamlakat tarixidagi eng yirik kelishuv deb atashi va davlat budjetiga sezilarli tushumlarni alohida qayd etishi bejiz emas. Bu yerda gaz nafaqat daromad manbai, balki urush, xalqaro bosim va mintaqaviy beqarorlik sharoitida davlat barqarorligini mustahkamlash vositasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Bu jarayonda AQSh ham muhim rol o‘ynamoqda. Amerikaning Chevron kompaniyasi ishtiroki va Donald Trampning bu bitimga qiziqishi shuni ko‘rsatadiki, AQSh tobora ko‘proq siyosiy masalalarni ochiq bayonotlar orqali emas, balki iqtisodiy loyihalar orqali hal qilishga harakat qilmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosiy aloqalar qiyinlashgan paytda aynan energetika tomonlar o‘rtasida muloqotni saqlab turish va minimal hamkorlikni davom ettirish kanali bo‘lib qolmoqda.

Misr esa o‘z navbatida nihoyatda pragmatik yo‘l tutmoqda. Isroilning G‘azodagi harakatlarini keskin tanqid qilgan va sulh bo‘yicha muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etayotgan Qohira bir vaqtning o‘zida energetik hamkorlikni ham rivojlantirmoqda, chunki bu uning mintaqaviy gaz xabi sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlaydi. Bu davlatlar siyosiy ritorika bilan iqtisodiy manfaatlarni bir-biridan ajratib, buni qarama-qarshilik deb hisoblamayotganining yaqqol namunasidir.

Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham bu voqea bevosita ahamiyatga ega. Bu holat hozirgi xalqaro munosabatlarda iqtisodiy loyihalar tobora ko‘proq diplomatiya o‘rnini bosayotganini ko‘rsatadi. Energetik o‘zaro bog‘liqlik siyosiy kelishmovchiliklar saqlanib qolgan taqdirda ham o’zaro aloqalarning keskinlashuv xavfini kamaytiradi. Shu sababli yirik infratuzilmaviy va energetik tashabbuslar nafaqat daromad manbai, balki xavfsizlik omiliga ham aylanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, siyosatdan xoli “toza iqtisodiyot” endi mavjud emas. Milliy manfaatlar, ko‘p vektorli siyosat va moslashuvchanlik foydasiga qilingan pragmatik tanlov mavjud, xolos. Markaziy Osiyo uchun bu iqtisodiy hamkorlik murakkab global siyosat sharoitida barqarorlikni saqlash va erkin harakat qilish uchun muhim vosita ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
5👍5😢3
Putin - Makron muzokaralari atrofidagi shov-shuv tasodifiy emas. Ekspertlar bu ochiqlik ortida Rossiyaning harbiy kuchidan ko‘ra muhimroq bo‘lgan omil - demografik tanqislik turganini aytmoqda. Aholi kamaymoqda, safarbarlik resursi qisqarmoqda va bu Moskvaning urush strategiyasini tubdan o‘zgartirmoqda. Yevropa buni anglayaptimi - va aynan shu sabab Parij diplomatiyani qayta ishga tushiryaptimi?

Batafsil: https://news.1rj.ru/str/stratfocusatlantic/1773
🇮🇱🇵🇸Isroil G‘arbiy Sohilda 19 ta yangi punktning qurilishini tasdiqladi

Ushbu qaror xalqaro tanqidlarni keltirib chiqarmoqda, sababi bu harakatlar ikki davlatli yechimning amalga oshirilishiga bo‘lgan urinishlarga qarshi hisoblanadi.


Strategic Focus: Central Asia - LIVE
🤬17
🇮🇱Isroil armiyasining radiosi yopiladi

Bugun, 23-dekabr kuni Isroil Vazirlar Mahkamasi mamlakatdagi mashhur milliy radiostansiyalardan biri – Armiya radiosi faoliyatini to‘xtatish uchun ovoz berdi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning o‘ng qanot koalitsiyasi tomonidan ilgari surilgan mazkur qaror tanqidchilar tomonidan demokratiyaga zarba sifatida baholanmoqda.

Strategic Focus: Central Asia - LIVE
👎2
This media is not supported in your browser
VIEW IN TELEGRAM
🇮🇱🇬🇷Netanyaxu Isroil-Gretsiya-Kipr uch tomonlama diplomatik sammiti doirasida Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis bilan uchrashdi.

Strategic Focus: Central Asia - LIVE
🤬12💩3
AQSh siyosiy tizimi ko‘pincha yagona va monolit tuzilma sifatida tasavvur qilinadi. Biroq bunday yondashuv na Amerika elitasi ichidagi chuqur ziddiyatlarni, na mamlakatning strategik yo‘nalishlaridagi keskin burilishlarni to‘liq tushuntirib bera oladi. Amerikashunos tadqiqotchilar AQShdagi hokimiyatni mamlakat manfaatlarini turlicha talqin qiladigan va uni turli yo‘nalishlarga tortadigan bir nechta yirik elita guruhlari raqobati mahsuli sifatida tasvirlaydi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, Qo‘shma Shtatlar bitta emas, balki bir-biridan farq qiluvchi bir nechta “Amerika”lardan iborat murakkab tizimdir.

Birinchisi, Atlantika, ya’ni moliyaviy Amerika. Uning yadrosini bankirlar, investitsiya fondlari, Uoll-strit va dollar tizimining butun infratuzilmasi tashkil etadi. Nyu-York va London o‘rtasidagi tarixiy va institutsional bog‘liqlik aynan shu elitaning tabiatini belgilaydi. Bu guruh uchun davlatlar va hududlar ikkilamchi ahamiyatga ega; asosiy ustuvorlik moliyaviy oqimlar, kredit bozorlar, zaxira valyutalar va global tartibga solish qoidalaridir. Ularning tasavvurida AQSh tashqi siyosati - bu, eng avvalo, jahon moliyaviy arxitekturasini saqlab turish va boshqarish vositasi.

Ikkinchi yo‘nalish - Tinch okeani Amerikasi. U neft, harbiy-sanoat majmuasi, aerokosmik soha va AQShning Tinch okeanidagi harbiy-strategik mavjudligi bilan bog‘liq holda shakllangan. Koreya va Vetnam urushlari, Yaponiya, Janubiy Koreya va Guamdagi harbiy bazalar bu guruhning siyosiy vaznini keskin oshirdi. Bu elita “kovboy” tafakkuriga ega: kuchga tayanish, tez va keskin qarorlar, huquqiy va diplomatik nozikliklarga ikkilamchi munosabat. Shu bois bu muhitda harbiy kuch siyosatning asosiy vositasi sifatida ko‘riladi.

Uchinchi yo‘nalish - Janubiy Atlantika Amerikasi. Uning makoni Florida, Karib havzasi va Monro doktrinasi doirasidagi hududlardir. Bu - bank tizimidan tashqaridagi tezkor naqd pul aylanmalari, soya iqtisodi, kontrabanda va norasmiy moliyaviy sxemalar makoni. Shu bilan birga, aynan shu hududlarda sanoatdan tashqari, loyiha asosidagi moslashuvchan moliyaviy modellar va infratuzilmaviy tajribalar erta shakllangan. Mayami bu elitaning ramzi bo‘lib, shaffoflikdan ko‘ra tezlik va moslashuvchanlikni ustuvor qo‘yadigan iqtisodiy muhitni ifodalaydi.

To‘rtinchi yo‘nalish - industrial Amerika, bugun “zanglagan kamar” (Rust Belt) nomi bilan tanilgan hudud. Buyuk ko‘llardan O‘rta G‘arbga qadar cho‘zilgan bu makon Detroyt, Klivlend va sovuq urush davrida shakllangan sanoat-harbiy klasterlarni o‘z ichiga oladi. Og‘ir sanoat, mashinasozlik, aviatsiya va harbiy ishlab chiqarish uzoq vaqt AQSh qudratining asosi bo‘lib kelgan. Biroq globallashuv davrida aynan shu Amerika vakillari eng katta yo‘qotishlarga uchradilar: deindustrializatsiya shaharlarni, ishchi posyolkalarni va mahalliy ijtimoiy tuzilmalarni yemirdi, ishlab chiqarish esa moliyaviy jihatdan samarasiz deb topildi. Natijada elitalar moliya va loyiha iqtisodiyotiga o‘tdi, sanoat esa chetga surildi.

Aynan shu industrial muhit doirasida D.Tramp siyosiy jihatdan eng yaqin tayanchini topdi. Ushbu tasnifda u Atlantika moliyaviy elitasi yoki loyiha iqtisodiyotiga tayangan guruhlarning vakili emas, balki globallashuv jarayonida siyosiy vakilliksiz qolgan industrial Amerikaning manfaatlarini ifodalovchi figura sifatida namoyon bo‘ladi. Ishlab chiqarishni qaytarish, proteksionizm, bojlar va real sektorni qo‘llab-quvvatlash haqidagi ustuvorliklar aynan “zanglagan kamar” ehtiyojlaridan kelib chiqqan bo‘lib, Trampni mustaqil tizim yaratuvchidan ko‘ra, uzoq vaqt chetga surilgan sanoat guruhining siyosiy ifodachisi sifatida ko‘rsatadi.

Shu tariqa, AQSh ichidagi asosiy siyosiy va strategik qarama-qarshiliklar shaxslar yoki partiyalar o‘rtasidagi farq bilan emas, balki aynan shu to‘rt “Amerika”ning manfaatlari va kelajak haqidagi tasavvurlari to‘qnashuvi bilan belgilanadi.

Strategic Focus: Atlantic
3🔥2
Tehrondan kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, Eronning hukumat va ekspert doiralarida so‘nggi paytlarda tashqi siyosatni, ayniqsa uning mintaqaviy yo‘nalishini qayta ko‘rib chiqish masalasi faol muhokama qilinmoqda. Eronlik diplomatlar va jarayonga yaqin tahlilchilarning ta’kidlashicha, gap keskin burilish haqida emas, balki uzoq yillar davomida tashqi bosimga javob berish va doimiy qarama-qarshilikka asoslangan yondashuv mantiqini qayta baholash haqida bormoqda.

Kuchli tiyib turish va qudratni namoyish etishga asoslangan siyosat mamlakatni yopiq aylana ichiga solib qo‘ydi, deydi tahlilchilar. Ularga ko’ra, har qanday mudofaa qadami Eronni “tahdid” sifatida ko‘rish tasavvurini kuchaytirdi va yangi sanksiyalar hamda bosimlar uchun bahona bo‘lib xizmat qildi. Mutaxassislar fikricha, bunday yondashuv endi strategik foyda bermayapti va manevr imkoniyatlarini keskin toraytirmoqda.

Shu fonda ekspert muhokamalarida yangi mintaqaviy narrativ shakllanmoqda. Uning birinchi asosiy elementi - “kuchli Eron” g‘oyasidan “kuchli mintaqa” konsepsiyasiga o‘tishdir. Bu yerda xavfsizlik ustunlik va bosim orqali emas, balki muloqot, ishonchni mustahkamlovchi choralar va, avvalo, Fors qo‘ltig‘ida kollektiv mas’uliyat orqali ta’minlanishi lozimligi ta’kidlanmoqda.

Ikkinchi muhim siljish - yaqin qo‘shnilar bilan munosabatlarga ustuvorlik berish. Manbalarning qayd etishicha, aynan mintaqaviy barqarorlik va qo‘shnilar bilan aloqalarni yumshatish tashqi bosimni kamaytirishning harbiy yoki yadroviy vositalarga tayanishdan ko‘ra samaraliroq yo‘li sifatida ko‘rilmoqda.

Umuman olganda, Tehronda “qamaldagi qal’a” holatidan chiqish va diplomatik tashabbusni qayta qo‘lga olish zarurligi tobora ko‘proq tilga olinmoqda. Agar bu muhokamalar real siyosiy qarorlarga aylanadigan bo‘lsa, mintaqa keskinlikni kuchaytirishga emas, balki uni ongli va bosqichma-bosqich pasaytirishga intiladigan, manfaatlarga tayangan va muzokaraga tayyorroq Eron bilan yuzlashadi.

Strategic Focus: Middle East and North Africa
2
AQShning Markaziy Osiyo strategiyasi qayta yozilmoqda: G20 ga taklif nimani anglatadi?

Donald Trampning O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari bilan o‘tkazgan telefon muloqotlari hamda Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo‘mart Toqayevni kelasi yili Mayamida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga mehmon sifatida taklif etishi tasodifiy diplomatik epizod emas, balki aniq siyosiy signal sifatida talqin etilishi lozim. Bu signal shundan dalolat beradiki, Markaziy Osiyo AQSh tashqi siyosati orbitasida alohida siyosiy vaznga ega mustaqil geosiyosiy va geoiqtisodiy subyekt sifatida ajratib ko‘rsatilmoqda.

Muhimi shundaki, Tramp bayonotida ikki tushuncha yonma-yon qo‘yilgan: “amaldagi mojarolarga tinchlik olib kelish” va “savdo hamda hamkorlikni kengaytirish”. Trampcha tashqi siyosat mantiqida bu shunchaki shior emas, balki amaliy yondashuvdir. AQSh bugun urushlarga bevosita tortilmagan, ammo mintaqaviy vaznga, tranzit salohiyatiga va siyosiy barqarorlikka ega sheriklarni izlamoqda. Qozog‘iston va O‘zbekiston aynan shunday kamyob aktorlar sifatida ko‘rilmoqda - turli kuch markazlari bilan muloqot qila oladigan, biroq o‘z subyektivligini yo‘qotmaydigan davlatlar.

G20 sammitiga “mehmon” maqomida taklif etish formati ham bejiz tanlanmagan. Bu Vashingtonga Ostona va Toshkentni global muhokamalarga jalb qilish imkonini beradi hamda ularni qattiq ittifoqchilik majburiyatlariga bog‘lab qo‘ymaydi. Bu AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan hozirgi strategiyasiga mos keladi: Rossiya va Xitoy bilan ochiq qarama-qarshilikka bormasdan, mintaqada iqtisodiy va siyosiy ishtirokni bosqichma-bosqich kuchaytirish.

Asosiy urg‘u - iqtisodiyot. Tramp ma’muriyati uchun tashqi siyosat savdo, investitsiya va ta’minot zanjirlari bilan bevosita bog‘liq. Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyo endi “uzoq mintaqa” emas, balki yangi geoiqtisodiy arxitekturaning muhim bo‘g‘ini sifatida qaralmoqda: Sharq va G‘arbni bog‘lovchi tranzit yo‘llar, energetika, muhim mineral resurslar va muqobil logistika marshrutlari. Mayamidagi sammit, avvalo, qadriyatlar haqida emas, balki o‘zaro manfaat va foyda haqida suhbat maydoni bo‘ladi.

Tinchlik mavzusining tilga olinishi ham alohida ramziy ahamiyatga ega. AQSh amalda O‘zbekiston va Qozog‘istonni mas’uliyatli, muvozanatli va mo‘tadil aktorlar sifatida tan olmoqda - vositachilikka da’vo qilmaydigan, ammo muloqot uchun platforma bo‘la oladigan barqarorlashtiruvchi kuchlar sifatida. Bu esa ularning xalqaro obro‘sini va boshqa yo‘nalishlardagi muzokara pozitsiyalarini kuchaytiradi.

Biroq bu taklif na avans, na kafolatdir. Bu vaqtinchalik ochilgan strategik imkoniyatlar oynasi bo‘lib, undan kim qanday foydalana olishi keyingi siyosiy va iqtisodiy qarorlar bilan belgilanadi. Vashington ochiqchasiga aytmoqda: hamkorlikning chuqurligi aniq takliflarga - infratuzilma loyihalari, savdo rejimlari va investitsiya sharoitlariga bog‘liq bo‘ladi. Shu ma’noda Qozog‘iston va O‘zbekiston AQSh bilan muloqotni “iltimos qiluvchi tomon” sifatida emas, balki foydali va pragmatik hamkor sifatida qurish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Aslida esa biz AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan yondashuvi tubdan qayta formatlashuviga guvoh bo‘lyapmiz: bu endi bosim, shart qo‘yish yoki bloklarga majburan tortish emas, balki mintaqani iqtisodiy manfaat, siyosiy maqom va global qaror qabul qilish maydonlariga bosqichma-bosqich integratsiya qilish strategiyasidir. G20 sammitiga taklif esa bu burilishning yakuni emas, balki jarayon boshlanganini ochiq va oshkora ko‘rsatib bergan ilk signal, xolos.

Strategic Focus: Central Asia
👍6